Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vaziri o‘rinbosari Jenevada sud tizimi islohoti haqida axborot berdi

Adliya vaziri o‘rinbosari Jenevada sud tizimi islohoti haqida axborot berdi

Foto: «minjust.uz»

Joriy yilning 7-18-may kunlari Jenevada bo‘lib o‘tayotgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 30-sessiyasi doirasida Universal davriy sharh (UDSh)ning 3-sikli ko‘rib chiqilmoqda.

Adliya vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 9-may kuni O‘zbekiston delegatsiyasining ma’ruzasi eshitilib, uning doirasida adliya vaziri o‘rinbosari Mahmud Istamov sud tizimini isloh qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, 2017-yilda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilib, unga ko‘ra, davlatimiz rahbari huzurida faoliyat yuritgan Sudyalarni tanlash bo‘yicha oliy malaka komissiyasi o‘rniga Sudyalar Oliy kengashi tashkil etildi. Uning mustaqilligi va xolisligini ta’minlash maqsadida Sudyalar Oliy kengashiga konstitutsiyaviy maqom berildi.

Bundan tashqari, sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash, sudya lavozimini egallab turish yoshi 65 yoshgacha, Oliy sud sudyalari uchun esa 70 yoshgacha etib belgilandi. Sudlar faoliyatini moddiy-texnik va moliyaviy jihatdan ta’minlash masalalari Adliya vazirligi vakolatidan Oliy sud vakolatiga o‘tkazildi. E-SUD elektron sud jarayonining milliy axborot tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Milliy sud tizimi holatini mustaqil baholash maqsadida joriy yilda sudyalar faoliyati bo‘yicha BMT Maxsus ma’ruzachisini taklif etish rejalashtirilmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, sud tizimini isloh qilish qator davlatlar, xususan Ispaniya, Norvegiya, Finlyandiya, Bangladesh tomonidan 2013-yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan UDSh 2-sikli doirasida O‘zbekistonning oldingi ma’ruzasi yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan tavsiyalarni hisobga olgan holda amalga oshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring