Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Agar yer yuzida do‘zax bo‘lsa, u shu yerda edi» — The Washington Post nashri Xersondagi mahbuslar qiynoqqa solingan joy haqida hikoya qildi

«Agar yer yuzida do‘zax bo‘lsa, u shu yerda edi» — The Washington Post nashri Xersondagi mahbuslar qiynoqqa solingan joy haqida hikoya qildi

Xerson ko‘chalaridan hamon murdalar topilmoqda.

Shahar ozod etilganidan so‘ng ko‘p o‘tmay Xersonga tashrif buyurgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu yerda Rossiya armiyasi «mamlakatning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi, vahshiyliklarni sodir etganini» aytdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik tergovchilar 400 dan ortiq harbiy jinoyatlarni hujjatlashtirgan. The Washington Post jurnalistlari Xerson aholisi bilan suhbatlashdi. Ular ishg‘ol paytida shaharda sodir bo‘lgan voqealarni aytib berishdi.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, Xersonda rus harbiylari mahbuslarni qiynoqqa solish uchun voyaga yetmaganlar qamoqxonasidan foydalangan. Qamoqxona ro‘parasida yashovchi 48 yoshli Sergey «Agar yer yuzida do‘zax bo‘lsa, u shu yerda edi», deb ta’riflaydi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxonaning kulrang uch qavatli binosiga tunu-kun mashinalar kelib, odamlarni boshiga qop kiydirib olib chiqishgan. Bir muncha vaqt o‘tgach, rus harbiylari ularning ba’zilarini kaltaklangan va qiynoqqa solingan holda qo‘yib yuborishadi, boshqalari esa qamoqxonalarga yuboriladi. Keyinchalik bu odamlar bilan nima sodir bo‘lganligi noma’lum.

Ruslar ukrainaliklarni istalgan sabab bilan — «noto‘g‘ri» so‘zlari, kiyim-kechagi, tatuirovkalari uchun hibsga olishgan. «Ular kimni ushlashsa barchasini: partizanlar, faollar va istalgan kishini tutib olib ketardilar», dedi mahalliy aholi vakili Larisa.

Hozircha hibslar ko‘lamini aniq baholashning imkoni yo‘q, biroq Xerson viloyat kengashi rahbari Aleksandr Samoylenkoning fikricha, gap minglab mahbuslar haqida ketmoqda.

«Bir kunda Rossiyaning qiynoq kameralarida 600 kishi bo‘lgan. Ko‘p odamlar bedarak yo‘qoldi. Bu dahshatli tush edi», — deydi u. Samoylenkoning so‘zlariga ko‘ra, Xersonda Bucha, Irpen va Izyum kabi rus harbiylari tomonidan sodir etilgan ko‘plab jinoyatlarga dalillar topilgan.

Asirlikda omon qolganlardan biri, 64 yoshli Aleksandr Kuzminning aytishicha, qamoqxonada FSB xodimlari uning oyog‘ini bolg‘a bilan sindirgan. Qamoqda boshqa odamlarning qichqirig‘ini ham eshitgan. Mahalliy aholi qamoqxonada mahbuslarning qiynoqqa solinganini eshitganliklarini tasdiqladilar: «Qiynoqlarlardan qichqiriqlar eshitilardi».

Kuzmin jurnalistlarga mahalliy aholiga grivna olishda yordam bergani uchun hibsga olingan yosh kameradoshi haqida gapirdi. Ruslar uning jinsiy a’zolariga sim bog‘lab, elektr toki bilan qiynoqqa solishgan.

Washington Post maqolasida mahbuslarning o‘ldirilishiga oid dalillar ham mavjud.

35 yoshli Andrey kamida bitta shunday holat haqida bilishini aytdi. Unga ko‘ra, rossiyalik harbiylar tiz cho‘kishdan bosh tortgan odamni otib o‘ldirgan. «Ular uning jasadini 24 soat davomida kamerada qoldirishdi», dedi Andrey. Boshqa guvohlarning aytishicha, harbiylar odamlarni hovliga olib chiqib o‘q uzishgan.

Mahalliy aholi rossiyalik harbiylarning yaqin atrofdagi do‘konlardan spirtli ichimliklar olib, qamoqxonaga fohishalarni olib kelishganini ham aytishgan. Sobiq mahbuslarning so‘zlariga ko‘ra, ruslar binolarga xohlaganicha o‘q uzishgan, hatto qo‘l granatalarini ham uloqtirishgan.

«Biz ulardan g‘azabda edik, lekin tabassum qilishimiz kerak edi, chunki birgina noto‘g‘ri so‘z qamoqxonaga yetaklashini bilardik», dedi Xersonda yashovchi Sergey.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring