Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda aka-uka (opa-singil)larning quda-andachiligi taqiqlanishi mumkin

O‘zbekistonda aka-uka (opa-singil)larning quda-andachiligi taqiqlanishi mumkin

Oila kodeksiga kiritilishi rejalashtirilayotgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, O‘zbekistonda aka-uka (opa-singillar)ning quda-andachiligi taqiqlanishi mumkin. Aniqrog‘i, mazkur kodeksga nikohga monelik qiluvchi sabablar (16-modda) qatoriga «yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh» ham kiritilmoqda.

Oila kodeksining amaldagi qoidalarida esa yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni taqiqlamaydi.

Oila Kodeksining 57-moddasiga asosan, aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari va shunga o‘xshashlar yon shajara bo‘yicha qarindoshlar hisoblanadi.

FHDYo organlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yil iyul-dekabr oylarida respublika bo‘yicha jami 1 210 ta yaqin qarindoshlar (529 ta – xolavachcha, 307 ta – tog‘avachcha, 178 ta – amakivachcha, 196 ta – ammavachcha) o‘rtasida nikoh holatlari qayd qilingan.

Hududlar kesimida qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikohlarning yarmidan ko‘prog‘i 59 foizi ikkita viloyat – Surxondaryo (343 ta) va Qashqadaryo (371 ta) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining ta’kidicha, tug‘ilayotgan bolalar tarkibida nogiron, jumladan, 1 yoshgacha tug‘ma anomaliyalar, deformatsiya va xromosom buzilishlarga uchragan bolalar ulushi ortmoqda.

Jumladan, 1 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar soni 2018-yildagi 2 592 nafardan 2020 yilda 3 374 nafarga yoki 30,1 foizga, 1 yoshgacha tug‘ma anomaliyalar (rivojlanish nuqsonlari), deformatsiya va xromosom buzilishlar soni 2018-yildagi 1 093 tadan 2020-yilda 1 292 taga yoki 18,2 foizga ko‘paygan.

Bu esa mamlakatda salbiy demografik tendensiyalarning kuchayishiga, bunday bolalarni ijtimoiylashtirish masalalari bilan bog‘liq yangi muammolarning vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Xorijiy mamlakatlarning oila qonunchiligini tahliliga ko‘ra Xitoy, Yaponiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Turkiya, Ukraina, Irlandiya, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya va Tojikiston davlatlari qonunchiligida ham mavjud.

Shuningdek, «Nikoh tuzish va tan olish to‘g‘risida»gi 1978-yil 14-martdagi Gaaga Konvensiyasining 11-moddasiga ham belgilangan.

Yuqoridagi asoslardan kelib chiqib, yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohni oldini olish maqsadida mazkur o‘zgartish kiritish taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartibga ko‘ra, Oila kodeksining 16-moddasi (Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar)da belgilanganidek, nikoh tuzishga:

  • loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida;
  • nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida;
  • loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o‘rtasida yo‘l qo‘yilmaydi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring