Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aliment uchun qamalgan samarqandlik shifoxonada vafot etdi

Aliment uchun qamalgan samarqandlik shifoxonada vafot etdi

Samarqandda 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan fuqaro shifoxonada vafot etdi.

Viloyat IIB bergan ma’lumotga ko‘ra, Oqdaryo tumni «Oytamg‘ali» MFYda yashagan fuqaro B.R. Payariq tumani sudi ajrimiga ko‘ra 2021-yilning fevralidan 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari voyaga yetguniga qadar aliment to‘lashi belgilangan bo‘lsa-da, 2022-yil oktyabr oyiga qadar 23 mln so‘m miqdorida aliment va moddiy ta’minot pullarini to‘lamasdan kelganligi aniqlangan.

Shu tariqa JIB Oqdaryo tuman sudining joriy yil 25-oktyabrdagi qarori bilan B.R.ga MJtKning 47-4-moddasi 1-qismi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Fuqaro B.R. ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonaga 25-oktyabr kuni olib borilgan.

Maxsus qabulxona ichida fuqaro B.R.ning ruhiy holati yomonlashishi (tutqanog‘i tutib qolgan) natijasida yiqilib, bosh qismi xona ichidagi devor burchagiga urilib, tan jarohati olgan.

U bilan bir xonada saqlanayotganlar, shuningdek, maxsus qabulxona xodimlari unga zudlik bilan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatishib, fuqaro RShTYoIM Samarqand filialiga olib borilib, unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Maxsus qabulxonaga keltirilgandan so‘ng ham fuqaro xona ichida o‘ziga-o‘zi gapirib, ruhiyatida buzilish bo‘lganligi sababli, Maxsus qabulxona boshlig‘i xatiga asosan viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasiga uning ruhiy holatini tekshirish uchun yuborilgan.

Fuqaro Urgut tumani «Halqobod» mahallasida joylashgan viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazilganidan so‘ng, 28 oktyabr kuni vafot etgan.

Ayni damda holat yuzasidan  prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Hozirda marhumning o‘limi sababiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi, IIB xodimlari va shifokorlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring