Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Navoiy ijodiy merosiga bag‘ishlangan III xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy ijodiy merosiga bag‘ishlangan III xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Foto: «Xabar.uz»

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida bugun, 5-fevral kuni «Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusida III xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Erta tongdan Navoiy shahri markazidagi istirohat bog‘ida savlat to‘kib turgan Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda konferensiyaning barcha ishtirokchilari, chet ellik mehmonlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Asosiy tadbirlar bo‘lib o‘tadigan Yoshlar markazida buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy asarlarining yangi talqin va ko‘rinishda chop etilgan namunalari asosida badiiy ko‘rgazma tashkil etildi. Ushbu ko‘rgazmada  Navoiyning qayta nashr etilgan 10 jildlik asarlari ham mehmonlar e’tiboriga havola etildi. Shuningdek, tadbirda adabiyotimizning eng durdona asarlaridan iborat kitoblar ko‘rgazmasi hamda aksiyasi tashkil etildi. 

An’anaviy xalqaro konferensiyaga Ozarbayjon, Afg‘oniston, Vengriya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Turkiya, Shvetsiya, Hindiston, Turkmaniston, Tojikiston kabi 15 ga yaqin davlatlardan 50 nafardan ortiq navoiyshunos olimlar, shuningdek respublikamizning barcha viloyatlaridan taniqli akademiklar, professorlar, ijodkor ziyolilar, ma’naviy soha mutaxassislari, faollar, talabalar va yosh olimlar tashrif buyurdi.

Yoshlar markazining katta majlislar zalida bo‘lib o‘tgan konferensiyani Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov kirish so‘zi bilan ochdi.

Vengriyalik navoiyshunos olim Benedikt Perri, Turkiyaning Amasiya universiteti rektori, professor Metin Orbay, Shvetsiyalik navoiyshunos olim Shafiqa Yorqin, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori Azamat Akbar va boshqalar so‘zga chiqib, Navoiy o‘z ijodi, badiiyatining qudrati bilan jahon adabiyoti rivojiga katta ta’sir ko‘rsatganligi, uning bebaho ma’naviy, ilmiy, badiiy va madaniy-tarixiy asarlari butun insoniyatning bebaho merosi ekanligini e’tirof etishdi.  

Ushbu konferensiyani tashkil etishdan asosiy maqsad Navoiy asarlarining mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etishdan iborat. Chunki adib asarlarining asosiy mazmuni ham insonlarni milliy-ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylashga da’vat etish, odamlar orasida ezgu xislatlarni targ‘ib etishga qaratilgan. Alisher Navoiy inson ma’naviyatiga insonlikni belgilovchi eng muhim omil sifatida qaraydi. Uning har bir qahramoni vatanparvarlik, insonparvarlik, mehr-muhabbat, kechirimlilik, bag‘rikenglik kabi fazilatlarga bilan bezalgan. Navoiy asarlarida komil inson g‘oyasi har doim birinchi o‘rinda turgan. U inson o‘z maqsadlariga faqat yuksak axloqiy va ma’naviy saviyasi bilan erisha olishiga ishongan. Bu fikrlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligini har lahza ko‘rishimiz mumkin. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida Navoiy hikmatlarini barchamizga eslatayotgani, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotganligi ham bejiz emas, albatta. Zero, umri davomida xalq manfaati yo‘lida kurashib, xayrli ishlari va bebaho asarlari bilan hammaga o‘rnak bo‘lgan ulug‘ mutafakkirga munosib bo‘lish har birimizning burchimizdir.

Konferensiya tashkilotchilari: Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Navoiy viloyat Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi, Alisher Navoiy jamg‘armasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat kengashi, Navoiy davlat pedagogika instituti.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring