Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijonda ham Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi (foto)

Andijonda ham Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Prezident ilgari surgan beshta tashabbusning uchinchi yo‘nalishi — aholi va yoshlarni kompyuter texnologiyalari va internet imkoniyatlaridan samarali foydalanishga o‘rgatish ishlari davom ettirilmoqda. 15 may kuni Andijon shahrida ham Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi.

Markaz ochilishida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov qatnashdi. Rasmiy lenta qirqilgach, markazga tashrif buyurganlar mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan o‘quv xonalarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Yoshlarni dasturlash, veb-dizayn, kibersport singari yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishga ixtisoslashgan markazda dasturlash bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari, kitoblar joy olgan kichik javon ham tashkil etilgan.

E’tiborlisi, viloyat hokimligi, tadbirkorlar ushbu o‘quv markaziga katta qiziqish bildirishmoqda. Tadbirkorlardan shunday markazlarni tumanlarda ham ochish takliflari tushmoqda. Viloyat hokimi esa texnopark tashkil etish yuzasidan vazirlikka taklif bilan chiqqan, 50 nafar yoshni Belarus yoki Hindistonda o‘qitish, kibersport bo‘yicha viloyat hokimi kubogini o‘tkazish tashabbusini bildirgan.

— Albatta, bu takliflar bizni quvontiradi, — dedi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov. —  Tadbirkorlar taklifini, viloyat hokimligi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu o‘rinda yoshlarni o‘qitish uchun o‘zimizning TATUda ochilgan Belarus — O‘zbekiston qo‘shma fakulteti, yaqinda faoliyatini boshlaydigan Hindistonning Amiti universiteti imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz kerak. Kibersport bo‘yicha o‘yinlarni dastlab tumanlar miqyosida o‘tkazish lozim, so‘ngra viloyat turniri tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yoshlarimiz, umuman, yurtdoshlarimizni dasturlashga o‘rgatsak, ularga bu yo‘nalishda zamonaviy bilim bera olsak, ular hayotda o‘z o‘rinlarini topishsa, shu orqali daromadli bo‘lishsa, maqsadimizga erishgan bo‘lamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring