Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijonda maktab o‘quvchilarining zaharlanishiga oid yangi tafsilotlar aytildi

Andijonda maktab o‘quvchilarining zaharlanishiga oid yangi tafsilotlar aytildi

Foto: «censor.net.ua»

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi «Xabar.uz»ga Andijon tumanida joylashgan 35-sonli maktabda qayd etilgan guruhli zaharlanish holati to‘g‘risida qo‘shimcha axborot berdi.

Kuni kecha soat 20:30dan 24:00ga qadar Andijon tumanida joylashgan 35-sonli maktabning 24 nafar o‘quvchisi, sinf rahbari, maktab o‘quvchilaridan birining onasi va singlisi (jami 27 kishi) ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi kabi shikoyatlar bilan Andijon tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.

Shifoxonada bemorlarga «O‘tkir gastroenterit, Ovqat toksikoinfeksiyasi»ga gumon birlamchi tashxisi qo‘yilgan va davolash uchun yotqizilgan.

O‘tkazilgan epidemiologik tekshiruvlar, bemorlarda kasallikning kechishi, mutaxassislarning bergan dastlabki xulosalariga ko‘ra, zaharlanish kelib chiqishiga joriy yilning 7 oktyabr kuni Andijon tumanidagi 35-sonli maktab o‘quvchisining tug‘ilgan kuni munosabati bilan uning onasi tomonidan uy sharoitida tayyorlangan tort va pirojnoye pishirig‘ini iste’mol qilishganligi sabab bo‘lgan.

Bemorlardan laboratoriya tahlillari uchun qusuq massasi, najasi, peshobi va qonidan namunalar olinib Andijon tuman SEOM (sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi) laboratoriyasiga topshirilgan. Laboratoriya tekshiruvlari olib borilmoqda.

Shifoxonada yetarli darajada dori-darmonlar zahirasi yaratilib, tegishli davolash muolajalari o‘z vaqtida amalga oshirilishi natijasida 2019-yilning 9-oktyabr kuni soat 13:00 holatiga 23 nafar bemor (21 nafari o‘quvchilar, o‘qituvchi G.Nizomova va tort tayyorlagan Sh.Xolmirzayeva )ning ahvollari yaxshilanib, hududiy shifokor nazorati ostida uylariga javob berilgan.

Hozirgi kunda Andijon tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida 4 nafar o‘quvchida tegishli davolash muolajalari olib borilmoqda. Bemorlarning ahvoli yengil holatda.

Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyat va Andijon tuman SEOM mutaxassislari tezkor jalb etilib, ular tomonidan epidemiologik surishtiruv va profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.

Avvalroq, 8-oktyabr kuni soat 20:30 da Andijon tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 4 nafar fuqaro ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasidagi og‘riq, tana haroratining  ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgani, so‘ngra 23 nafari «ovqat toksikoinfeksiyasi» birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani aytilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring