Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anjelina Joli AQSh prezidentligi poygasiga qo‘shilishi mumkin

Anjelina Joli AQSh prezidentligi poygasiga qo‘shilishi mumkin

Foto: «magazine.ru»

AQShda prezidentlik saylovlariga hali bir yildan ko‘proq vaqt bor. 2020-yil 3-noyabrda dunyoning eng qudratli davlati o‘z yetakchisini saylaydi. Ammo hozirdanoq kampaniya avj pallasiga kirmoqda.

AQSh prezidentligiga nomzod avvalo ikkita asosiy partiya ichidagi birlamchi saylovlarda (praymeriz) ishtirok etishi kerak. Siyosiy harakat o‘zining yagona vakilini saralab-saylab, «mana bu bizdan prezident bo‘lishga loyiq nomzod», deya rasmiy e’lon qilishi lozim. Prezidentlik saylov kampaniyasi esa 2020-yil fevralda boshlanadi.

«Xabar.uz» har bir nomzod haqida batafsil ma’lumot berishga harakat qilmoqda.


Mavzuga oid: Ofitsiantlikdan prezidentlikka qadar


Hozirda amaldagi prezident, 73 yoshli Donald Trampga kelgusi yili g‘alaba qozonishi mumkin bo‘lgan  bosh nomzod sifatida qaralmoqda. U o‘ziga vitse-prezident sifatida 1991-1997-yillarda Massachusets shtati gubernatori bo‘lib ishlagan Uilyam Ueldni ilgari surdi. 74 yoshli bu siyosatchi avval Libertarian partiyasi a’zosi bo‘lib, 2016-yil mayda respublikachilar safiga kelib qo‘shilgan.    

Bundan tashqari, respublikachi nomzodlar orasida 2011-2019-yillarda Ogayo gubernatori bo‘lib ishlagan Jon Keysik, tennessilik senator Bob Korker, 2015-yildan Merilend gubernatori Larri Xogan ham bor.


Mavzuga oid: Prezidentlik poygasi. AQShda katta jang boshlandi


Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Tramp respublikachilar orasida katta ustunlik bilan yetakchilik qilmoqda. Shu sababli amaldagi yetakchi siyosiy kurash jarayonida asosiy diqqat-e’tiborni demokrat raqiblari frontiga qaratishiga to‘g‘ri keladi.

Demokratlar jabhasida vaziyat juda chigal. Chunki bu partiyadan hozirga qadar 279 nafar shaxs Oq uy egaligi uchun nomzodini ilgari surmoqda. O‘zi bu galgi saylovlar nomzodlarning nihoyatda ko‘pligi bilan tarixga kirmoqda.    

Ular orasida eng taniqlilari AQSh sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden (2009-2017), Kolorado shtati senatori Maykl Bennet, Nyu-Jersi shtati senatori Kori Bukr, Montana shtati gubernatori Stiv Bullok, Saut-Bend shahri meri, 37 yoshli Pit Buttijich, Gavayi shtati vakilasi Tulsi Gabbard, Alyaska shtati sobiq senatori, 89 yoshli Mayk Greyvel, Nyu-York meri Bill De Blazio, Merilend shtatidan Jon Deleyni, Nyu-York shtati senatori Kirsten Jillibrand, Vashington gubernatori Jey Insli, 2014-2017-yillarda AQSh uy-joy va shahar taraqqiyoti vaziri bo‘lgan Xulian Kastro, Minnesota shtati senatori Emi Klobushar, Miramar shahri meri Ueyn Messam hisoblanadi.


Mavzuga oid: «Eng jozibali prokuror» endi prezidentlikka da’vogar


Ularga partiyadoshlari Massachusets shtati vakili Set Moulton, texaslik Beto O Rurk, ogayolik Tim Rayan, Vermont shtati senatori Berni Sanders, pensilvaniyalik Jo Sestak, xej-fond boshqaruvchisi Tom Steyer, yozuvchi Marianna Uilyamson, Massachusets senatori Elizabet Uorren, kaliforniyalik senator Kamala Xarris, Kolorado shtati gubernatori Jon Xikenluper, tadbirkor Endryu Yan ham faol kelib qo‘shilishgan.

Ko‘rinib turganidek, asosiy nomzodlar gubernatorlar, senatorlar va yirik tadbirkorlardir. Eng qizig‘i, G‘arbiy Virjiniya senati a’zosi Richard Ojeda va Kaliforniya shtati vakili Erik Suoluell o‘z nomzodlarini ilgari surib, so‘ng qaytarib olishga ham ulgurishdi.

Dongdor bokschi Oskar De La Xoyya, mashhur aktrisa va BMTning yaxshi niyat elchisi Anjelina Joli ham istiqbolda qizg‘in siyosiy jarayonlarga bevosita qatnashishi mumkinligini yashirmayapti. Biroq ular hozircha rasmiy e’lon bilan chiqishgani yo‘q.


Mavzuga oid: Gavayilik qahramon AQShni o‘zgartirmoqchi. Prezidentlik poygasiga yana bir xonim qo‘shildi


Avvalroq esa Tallaxassi meri Endryu Gillum, Nyu-York meri Maykl Blumberg, ogayolik senator Sherrod Braun, Los-Anjeles meri Erik Garsetti, Pensilvaniya senatori Bob Keysi, 2009-2015 yillarda AQSh bosh prokurori Erik Xolder, Virjiniya gubernatori Terri Makoliff, Oregondan senator Jeff Myorkli ham prezident bo‘lish uchun kurashga kirishmoqchi ekanligini bildirgan edi. Biroq hozircha ular bu ulug‘vor niyatlaridan qaytgan. Biroq ular istalgan qulay vaqtda otni chamchilab qolishlari mumkin.

E’tiborlisi, AQShda Libertarian partiyasi ham garchi ta’sirli siyosiy kuchga ega bo‘lmasa-da, o‘z nomzodini ilgari surmoqda. Tok-shou boshlovchisi, arizonalik Adam Kokesh tez orada siyosiy sahnada paydo bo‘lishi mumkin.


Mavzuga oid: AQShda «hindu» prezident bo‘ladimi?


Yashillar partiyasidan esa 2012 va 2016-yillarda o‘z nomzodini ko‘rsatgan massachusetslik shifokor Jilli Stayn xonim kurashga kirishadi.

Nyu-yorklik jurnalist, 80 yoshli Den Rattiner esa hech bir partiya emas, balki mustaqil nomzod bo‘lish niyatida harakat boshlaydi.

Ekspertlar hozircha demokratlarga aholining ko‘proq moyilligi borligini bashorat qilishayapti. Ammo ular nomzodlari nihoyatda ko‘pligi sababli yagona kuchli shaxs atrofida birlashish imkoniyati yo‘qqa chiqmoqda. Hamma o‘z dasturi bo‘yicha intilgani sari siyosiy kuchning qudrati zaiflashmoqda, degan fikrlar ham bildirilayapti.

Respublikachilar qavatida esa muammo yanaroq jiddiyroq ko‘rinish olishi hech gap emas. Chunki amaldagi prezidenti Trampga nisbatan turli mustaqil tergovlar hamon to‘xtamayapti. Uni qanday qilib bo‘lmasin, prezidentlikdan chetlashtirish bo‘yicha zimdan harakatlar avj olsa olayaptiki sira pasaygani yo‘q. Agar uning g‘animlari bu maqsadga erishsa, respublikachilar partiyasi juda og‘ir ahvolga tushib qolishi muqarrar. Chunki hozir respublikachilar maydonida Trampdan boshqa mahobatli va moliyaviy qudratga ega siyosatchi ko‘rinmayapti.

L.Hasan o‘g‘li

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring