Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Apple», «Google», «Facebook» kabi texnogigantlar fazoni qanday o‘zlashtirishyapti?

«Apple», «Google», «Facebook» kabi texnogigantlar fazoni qanday o‘zlashtirishyapti?

Foto: «24Gadget.ru»

«Apple», «Google», «Facebook» va hokazo korporatsiyalar ko‘kka umid bilan boqishmoqda. Albatta «olma pish, og‘zimga tush» degan umidda emas. Yer usti va osti, ummonlar tubi egallab bo‘lingan, sayyoramizning qolgan aholisini internetga ulash uchun chinakam kurash endi fazoda kechadi degani bu.

O‘rtada faqat mavqe yo ijtimoiy missiya ko‘ndalang turgani yo‘q. Katta pul haqida gap ketyapti. «Yana bir necha milliard insonni telefonga, internetga ulasak qancha pul keltiradi?» — bu savol gigant korporatsiyalarga uyqu bermayotgani rost.

«Apple». Hali birinchi «iPhone» chiqmasidan turib Stiv Jobs o‘z simsiz tarmog‘ini barpo etish imkoniyatlarini chamalagandi. Oradan ko‘p yil o‘tib ketdi, «Bloomberg» agentligi yozishicha, 2017-yili «Apple» kompaniyasi «Google»ning ona kompaniyasi — «Alphabet»ning sobiq xodimlaridan yo‘ldoshli internet bilan shug‘ullanuvchi guruh tashkil qilgan.

«Facebook». Jahondagi eng yirik ushbu ijtimoiy tarmoq «Internet.org» loyihasi bilan band. Uchuvchisiz boshqariladigan internet tarqatuvchi lazerli qurilmalar vositasida, telekom-operatorlar bilan hamkorlikda, xullas, internetni hammayoqqa yetkazish uchun barcha choralarni ko‘ryapti. Sukerberg kompaniyasi yo‘ldoshli aloqa o‘rnatishga ham urinmoqda. Hatto 2016 yili «SpaceX» bilan bir paytda o‘z raketalarini uchirishga ham harakat qilishdi. Ammo... raketa va yo‘ldosh start maydonchasining o‘zidayoq portlab ketdi. «Facebook» uchuvchisiz internet loyihasini yopganiga bir oydan oshib qoldi. Ammo kompaniya taslim bo‘lmoqchi emas: hech bo‘lmaganda fransuzlarning «Eutelsat» korporatsiyasi bilan hamkorlikni davom ettirmoqchi.

«SpaceX». Elon Mask butun Yer aholisini barqaror internet bilan ta’minlovchi 4500ta  yo‘ldoshni quyi orbitaga olib chiqmoqchi. Bu yil u «Falcon 9» raketasini «Microsat-2a» hamda «Microsat-2b» yo‘ldoshlari bilan uchirib ko‘rdi. Bu umumiy qiymati 10 milliard dollarlik «Starlink» loyihasiga kirishishda dastlabki qadam bo‘ldi. Mask shu tarzda 2025-yilgacha 30 mlrd. dollar daromad keltiruvchi 40 mln. abonentga ega bo‘lmoqchi.

«SoftBank». Orbitani raketa bilan ishg‘ol qilishga yolg‘iz Mask urinayotgani yo‘q. Yaponiyaning «SoftBank» kompaniyasi moliyalashtirayotgan «OneWeb» loyihasi unga munosib raqib sifatida ko‘rilmoqda. Kamiga o‘rta orbitada «SES» kompaniyasiga tegishli «O3b» («Other 3 Billion») loyihasi yo‘ldoshlari parvoz qilib yuribdi.

Nega hamma o‘z yo‘ldoshlarini Yerga yaqinroq joylashtirish payida?

Birinchidan, hozir aksariyat internet-yo‘ldoshlar ishlayotgan geostatsionar orbita o‘ta tig‘izlashib ketgan, ya’ni sun’iy yo‘ldoshlar soni juda ko‘p.

Ikkinchidan, sayyora yuzasidan uzoqda joylashuv (35 786 km.) tufayli bir tomonga signal 250 millisekunddan ko‘p vaqtda yetib boradi. Hatto megabitlardagi juda yuqori tezlik hisobiga ham bu ketayotgan vaqtni qisqartirishning texnik jihatdan aslo iloji yo‘q. Solishtiradigan bo‘lsak, masalan, 4G-tarmoqlarda signalning ushlanib qolishi nari borsa  bir necha o‘n millisekundga yetadi.

Yechim. Bu muammoning yechimi aynan quyi va o‘rta orbita yo‘ldoshlari bo‘lishi kutilyapti. Mask har bir abonetga 1 Gbit/soniyadan tezlik va’da qilyapti. Signalning tutilib qolishi o‘n martagacha kamayadi. Ammo bu yerda boshqa bir muammo ko‘ndalang — yo‘ldosh qurilmalar qancha vaqtgacha ishlab beradi? Muqobil yo‘ldosh atmosferaning quyi qatlami bo‘ylab harakatlanganida havoga ishqalanish tufayli tobora pasayib boradi va yerga qulab tushish ehtimoli oshaveradi. Ko‘rinib turibdiki, bularning xizmat muddati geostatsionar yo‘ldoshlarinikidan kamroq bo‘ladi. Yana bir qiyin masala: yaratilajak tarmoqdagi barcha yo‘ldoshlarning uyg‘unlikda ishlashi va bir xil balandlikda turishini ta’minlash oson kechmaydi.

«Oltin oraliq»

«Joy talashish» faqat orbitada kechayotgani yo‘q. Stratosferaning 25-kilometrida — samolyotlar yetib bormaydigan balandlik uchun mo‘ljallanayotgan  «pastroq loyihalar» ham bor.

Oxirgi o‘n yillarda quyosh batareyalarida harakatlanuvchi o‘ta balandlikda uchuvchi samolyotlar hamda havo sharlarida internet tarqatish g‘oyasi texnologiya kompaniyalarini qiziqtirib qo‘ydi. Masalan, «Airbus» («Zephyr» yengil samolyotlari), «Stratobus» dirijabllarini va «Google»ning borish qiyin joylarda 4G signal tarqatishga ko‘maklashuvchi «Loon» havo sharlarini olaylik. Shulardan oxirgi loyihaning mohiyatiga to‘xtalsak, havo sharlari nisbatan uzoq vaqt parvoz qiladi: chetdan texnik ko‘maksiz 100 kungacha ishlab turadi. Endi kompaniya sharlarni havoda yanayam ko‘proq vaqt ushlab turish chorasini izlayapti.

Xullas, bu yerda ham raqobat o‘ta kuchli, «Facebook» kompaniyasi «Aquila» stratosfera samolyotlari loyihasini to‘xtatib, bu yerda ham «o‘yin»dan chiqib ketdi. Ammo aslo kompaniya stratosferada va yo‘ldoshli texnologiyalar yo‘nalishida harakatlanishdan to‘xtadi degan xayolga bormang

«Google»ning yo‘ldoshlar turkumi

Internet-qidiruv giganti sayyoramizni internet bilan qoplashning yana bir usuli ustida bosh qotiryapti. Chindan ham g‘oya qiziq: 1000dan ziyod yo‘ldoshlar va yer usti stansiyalaridan iborat global tizim yaratiladi.

Bu loyihada kosmosga ikki guruh yo‘ldoshlarni olib chiqish ko‘zda tutilgan:

  • Birinchi guruh: oz sonli, biroq Yerdan uzoqroq joylashtiriladigan yo‘ldoshlar. Yo‘ldosh qancha balandda bo‘lsa uning qamrov hududi shuncha kengayadi.
  • Ikkinchi guruh: ko‘p sonli yo‘ldoshlar Yerga yaqinroq masofada joylashtiriladi. Ular tizimning katta o‘tkazuvchanlik qobiliyatini ta’minlaydi.

Har bir guruh yo‘ldoshlari Yer ekvatoriga nisbatan 0 dan 90 darajagacha og‘ish burchagiga ega bo‘ladi. Shu tarzda bu tizim sayyoramizning qariyb 75 foiz hududini qamrab oladi, faqat qutb mintaqalariga tizim signallari yetib bormaydi.

Yo‘ldoshlar turkumi ham harbiy, ham tinchlik maqsadlarida, aloqa, navigatsiya, tadqiqotlar uchun ishlatilishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring