Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonda inson huquqlari bo`yicha ahvol yaxshilanganini e’tirof etdi

AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonda inson huquqlari bo`yicha ahvol yaxshilanganini e’tirof etdi

Foto:«Unn.com»

AQSh Davlat departamenti 2018-yil dunyodagi inson huquqlari vaziyati bo‘yicha yillik ma’ruzada (2019-yil 13-mart kuni chop etilgan) O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoli ko‘p jihatdan sezilarli darajada yaxshilanganini e’tirof etdi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi axborotida xabar berildi.

«Xususan, avvalo jinoiy odil sudlov, sud jarayonining ko‘proq shaffofligini ta’minlash, ayblovchi dalillar bazasidan foydalanishga himoyachi tomoniga kengroq izn berilishi ta’minlashi va natijada oqlovchi qarorlar sonining ko‘payishi sohalaridagi ishlarga ma’ruzada ob’yektiv baho berilishi diqqatga sazovordir.

Hujjatda korrupsiyaga qarshi kurashning samaradorligi, qiynoqlardan hamda boshqa muomala va jazoning noinsoniy yoki sharafini kamsituvchi turlaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar qabul qilinishi, shuningdek, bunday jinoyatlar uchun mas’uliyat kuchaytirilishi e’tirof etilgan» deyiladi xabarda.

So‘z va ifoda erkinligini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida matbuot erkinligini ta’minlash bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanishi, shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlari tashkilotlari va fuqarolik jamiyati faollari bilan ochiq munosabatlari e’tirof etilayotgani aytilgan.

Ma’ruzada diniy ekstremizmda gumonlangan minglab shaxslar huquqni muhofaza qilish organlari ro‘yxatidan chiqarilishi, shuningdek, ko‘plab afv etish holatlari va ularning ijtimoiy moslashuviga qaratilgan dasturlar alohida qayd etilgan.

«Human Rights Watch» va  «Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi» ma’lumotlariga asoslanib «O‘zbekistonda yigirma yildan ziyod vaqtdan beri ilk marotaba jurnalistlar va fuqarolik jamiyati faollari qamoqxonalarda qolmagani» ma’ruzada e’tirof etilishi diqqatga sazovordir.

Hujjatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha muvaffaqiyatli qabul qilingan huquqiy va ma’muriy choralar alohida ko‘rsatilgan. O‘zbekistonning mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi taraqqiyoti AQSh Davlat Departamenti va Mehnat Departamentining 2018-yildagi tegishli bayonotlarida bir necha bor e’tirof etilgan.

O‘tgan yilning dekabr oyida AQSh Davlat kotibi bayonotida O‘zbekiston «diniy erkinlik sohasidagi alohida tashvish uyg‘otuvchi mamlakatlar ro‘yxatidan» chiqarilgandi.




Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring