Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh josuslik idorasi rahbari Rossiya Ukrainada qancha askar yo‘qotganini ochiqladi

AQSh josuslik idorasi rahbari Rossiya Ukrainada qancha askar yo‘qotganini ochiqladi

Foto: Reuters

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Byorns Rossiyaning Ukrainadagi insoniy talafotlarini baholadi, deb xabar beradi Reuters axborot agentligi.

Josuslik idorasi boshlig‘iga ko‘ra, Ukrainada urush boshlangan 24 fevraldan buyon 15 ming rus askari halok bo‘ldi. Jarohatlanlar soni esa qariyb 45 ming kishini tashkil etadi. U.Byorns Ukraina ham yo‘qotishlarga uchrayotgani, ammo halok bo‘lgan harbiylar soni kamroq ekanini qayd etgan.

Ukrainada qancha rus askari halok bo‘lgani borasida turli taxminlar mavjud. Buyuk Britaniya razvedkasi iyun oyida Rossiya qurolli kuchlari 15-20 ming a’zosidan ayrilgani haqida xabar bergan edi. Ukraina qurolli kuchli bosh shtabi esa joriy yil 24 fevraldan 20 iyulga qadar dushman armiyasining 38750 a’zosi yo‘q qilingani haqida ma’lumot tarqatdi. 

Rossiyaning o‘zida halok bo‘lgan askarlar haqidagi ma’lumot davlat siri darajasida yashirin tutiladi. Moskva joriy yil 24 martda 1351 askar halok bo‘lgani haqida rasmiy ma’lumot bergan, xolos. O‘shanda ham tahlilchilar bu raqam kamaytirib ko‘rsatilganini taxmin qilgan.

Avvalroq Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns prezident Vladimir Putin Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlar ortidan yadro qurolini ishga solishi mumkinligi haqida bayonot bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, U.Byorns MRB rahbarligiga o‘tgunga qadar Davlat departamentining yuqori rutbadagi mulozimi sifatida 2009, 2012 va 2014 yillarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring