Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh Ozarbayjon va Armanistonning tinchlik yo‘lidagi harakatini «dadil qadam» deb baholadi

AQSh Ozarbayjon va Armanistonning tinchlik yo‘lidagi harakatini «dadil qadam» deb baholadi

7 noyabr kuni Vashingtonda Ozarbayjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlari – Jayhun Bayramov hamda Ararat Mirzoyan uchrashdi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ishtirokida uch tomonlama muzokara ham o‘tkazildi.

Ozarbayjon TIV xabariga ko‘ra, vazirlar uchrashuvida tinchlik bitimiga erishish uchun o‘zaro hal etilishi kerak bo‘lgan bir qator masalalar mavjudligi qayd etilgan.

Ayni choqda, tomonlar Ozarbayjon hamda Armaniston rahbarlarining joriy yil oktyabr oyida Praga va Sochidagi uchrashuvlarda zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishga sodiq ekani ta’kidlangan.

Ozarbayjon TIV armanistonlik hamkasbini tinchlik jarayonini izdan chiqarishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishga chaqirgan. O‘z navbatida, rasmiy Yerevan ham tinchlik bitimi borasidagi pozitsiyasini ma’lum qilgan. Ikki davlat bosh diplomatlari yaqin haftalarda yana uchrashishga kelishgan.

Muzokara mezboni – AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon hamda Armaniston tinchlikka erishish uchun dadil qadamlar tashlayotganini qayd etgan. Bu esa nafaqat Janubiy Kavkaz kelajagi, mintaqa va dunyo barqarorligi uchun ham muhimdir.

«Bevosita muloqot – mustahkam tinchlikka erishishning eng maqbul yo‘li. Biz bu jarayonni qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmi», – degan E.Blinken.

Davlat kotibiga ko‘ra, 1991 yilda ikki mamlakatning mustaqillikka erishgani muhim hodisa sanaladi; Qo‘shma Shtatlar har ikki tomonning suvereniteti va hududiy yaxlitligini dastaklaydi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 31 oktyabr kuni Sochi shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin vositachiligida Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uch tomonlama muzokara yakunida Janubiy Kavkazda kuch ishlatishdan tiyilishga kelishilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon prezidenti I.Aliyev Armaniston bosh vaziri N.Pashinyan bilan Yevropa kengashi raisi Sh.Mishel vositachiligida ham muzokara o‘tkazib kelmoqda. Tinchlik bitimi imzolashga qaratilgan uchrashuvlarning so‘nggisi joriy yil 31 avgust kuni Belgiya poytaxti Bryusselda bo‘lib o‘tgan.

Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrda boshlangan 44 kunlik urush yakunida Ozarbayjon ishg‘ol ostida bo‘lgan yerlarini qaytarib oldi. 2020 yil 10 noyabrda imzolangan uch tomonlama bitimga ko‘ra Armaniston o‘z qurolli kuchlarini mintaqadan olib chiqish majburiyatini oldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring