Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Bolalarning o‘z yosh toifasiga mos kelmaydigan tomoshabop tadbirlarda ishtirok etishi mumkin emas (ekspert izohi)

Bolalarning o‘z yosh toifasiga mos kelmaydigan tomoshabop tadbirlarda ishtirok etishi mumkin emas (ekspert izohi)

Foto: «Sputnik»

Ommaviy kommunikatsiya vositalari monitoringi O‘zbekiston Respublikasi milliy axborot makonida yoshlar ongiga va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiluvchi, ularni chalg‘ituvchi axborotlar tarqatilayotganini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, internet tarmog‘ida diniy-ekstremizm va terrorizm, pornografiya, hayosizlik, shavqatsizlik va zo‘ravonlik, qimorga asoslangan o‘yinlar, giyohvandlik, alkagol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni targ‘ib qiluvchi axborotlarning tarqatilishi holatlari yil sayin ko‘payib boryapti. Ayniqsa, 2017-yilda internet-resurslarda yoshlar orasida suiqasd qilishga da’vat etadigan o‘yinlarning keng tarqatilgani kuzatildi. Bu o‘yinlar O‘zbekiston yoshlari orasiga ham kirib kelgani xavotirli holat, albatta. O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, suiqasd qilishga chorlovchi onlayn-maydonchalaridan dunyo bo‘ylab 900 mingdan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, shundan 600 nafardan ko‘prog‘i o‘zbekistonlik yoshlar ekani aniqlangan.

Yoshlarni, ayniqsa, bolalarni bu kabi zararli axborotlardan himoya qilish zarurati o‘z-o‘zidan davr talabiga aylandi. Shu sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida o‘tgan yili «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ishlab chiqilgan va 9-sentyabr kuni rasman e’lon qilingan edi. Mazkur qonunni ishlab chiqishda yigirmadan ortiq vazirlik va tashkilotlar hamkorlikda ish olib borishgan. Ushbu qonun e’lon qilinganidan olti oy o‘tib, 9-martdan kuchga kirdi.

Qonunning mazmun-mohiyati, zarurati va ahamiyati nimalardan iborat? Ushbu savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot resurslarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Tolibjon Mirzaqulov bilan suhbatlashdik.

Tolibjon Mirzaqulov. Foto:«Xabar.uz»

— Internet texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib, axborot almashish sohasida davlatlar o‘rtasidagi chegaralarni yo‘qqa chiqardi, — deydi suhbatdoshimiz. — Agar avvallari axborot mahsulotlari, axborot siyosati tartibga solingan holda amalga oshirilgan bo‘lsa, hozir internet tarmog‘idan foydalanuvchilar soni oshib borishi natijasida axborot tarqatuvchilar uchun chegaralar yo‘qoldi. Internet orqali istalgan kishi istalgan ma’lumotini topishi mumkin. Albatta, global tarmoqdagi ma’lumotlarga ega bo‘lishning ijobiy tomonlari ko‘p.

Iqtisodiyotning turli sohalarini oladigan bo‘lsak, turli innovatsion yechimlar, ilmiy maqolalar, ta’limiy yo‘nalishdagi manbaalardan erkin foydalanish imkoni paydo bo‘ldi. Biroq boshqa jihatdan qaralsa, ma’lum turdagi axborotlar borki, ular kichik yoshdagi bolalarga zararli ta’sir qilishi mumkin. Bu —  jamiyat oldida yangi muammoli masalalarni keltirib chiqardi.

Demak, bolalarning to‘g‘ri rivojlanishini ta’minlashda ularni zararli axborotdan himoyalash davr talabiga aylandi.

— Albatta. Bolalar hamma axborotni ham to‘g‘ri qabul qilish imkoniga ega emas. 2000-yildan keyingi holatni tahlil qiladigan bo‘lsak, AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaponiya, Koreya Respublikasi va boshqa qator davlatlarda bolalarni zararli axborotdan himoya qilish bo‘yicha qonunlar qabul qilina boshlandi. Bu qonunlardan asosiy maqsad —  axborot ta’sirida bolalarni to‘g‘ri rivojlanishdan og‘ishmasligini ta’minlash, ularni sog‘lig‘ini himoya qilish, ularni axborotdan foydalanish xavfsizligini ta’minlash hisoblanadi. Bir tarafdan bunday qonunlar ularning huquqlarini himoyalasa, ikkinchi tarafdan ruhiy va ma’naviy sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan.

Butun dunyoda bunga talab paydo bo‘lganidan keyin, bizda ham bu masalaga alohida ahamiyat qaratish zarurati yuzaga keldi.

Axborot texnologiyalari tobora rivojlanib borayotgan bir paytda bizda ham bolalarning internetga bog‘lanib qolish holatlari kuzatilyapti. Shu sababdan ularni to‘g‘ri yo‘naltirish, ma’naviy, huquqiy ongini shakllantirish, ruhiy va jismoniy jihatdan to‘g‘ri kamol topishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratishimiz davr talabi bo‘lib qoldi. Natijada ushbu qonun ishlab chiqildi.

Mazkur qonun bilan bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish faoliyatini amalga oshiruvchi va ushbu faoliyatda ishtirok etuvchi tashkilot hamda organlar, ularning vakolatlari, roli aniq belgilab berilgan. Jumladan, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, deb ko‘rsatib o‘tilgan. Qonun bilan ta’lim yo‘nalishidagi vazirliklarga, sog‘liqni saqlash vazirligiga va boshqa tegishli tashkilotlarga ham qo‘shimcha vakolatlar, vazifalar belgilab berilgan.

Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish qanday amalga oshiriladi?

— Bu, birinchi navbatda, axborot mahsulotlarini yoshga doir tasniflashga asosan amalga oshiriladi. Yoshni tasniflashni aniqlash bo‘yicha xalqaro tan olingan metodikalar bor. Ushbu metodikalarga ko‘ra, bolalarning axborotni qabul qilish darajasidan kelib chiqqan holda, ular beshta asosiy toifaga bo‘linadi.

Birinchi toifa bu — 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Keyingisi 7 yoshdan 12 yoshgacha, 12-16, 16-18 va 18 yoshdan katta bo‘lgan toifalar. Bizning qonunchiligimizda «yoshlar» va «bolalar» degan tushunchalar bor. «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonunda «yoshlar» sifatida 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar belgilab berilgan. «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunda esa «bolalar» deyilganda 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar nazarda tutilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Yangi qonunda bolalar tasnifi shunga ko‘ra asos qilib olingan.

Ammo boshqa jihatini ham e’tiborga olishimiz kerak: bu qonun hamma axborot ham yosh toifasiga ko‘ra tasniflanishi lozim degan talabni qo‘ymaydi.

Bolalarni zararli axborotdan himoya qilishda birinchi masala nimadan iborat?

— Axborot mahsulotlarini yosh toifasi bo‘yicha tasniflash va ularni O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatish paytida tegishli yosh toifasini (0+, 7+, 12+, 16+, 18+) joylashtirgan holda tarqatish masalasi belgilab berilyapti. Ammo boshqa jihatini ham e’tiborga olishimiz kerak: bu qonun hamma axborot ham yosh toifasiga ko‘ra tasniflanishi lozim degan talabni qo‘ymaydi.

Qonunning 3-moddasida qonunni amal qilish sohasi ko‘rsatib berilgan va bu moddaning 2-qismida «Ushbu Qonunning amal qilishi ilmiy, ilmiy-texnikaviy, statistik axborotni o‘z ichiga olgan yoki jamiyat uchun tarixiy, badiiy yoxud o‘zgacha madaniy kimmatga ega bo‘lgan axborot mahsulotining aylanishi sohasidagi munosabatlarga tatbiq etilmaydi» deb belgilab berilgan. Ya’ni, ilmiy axborot bo‘lsa, buni yoshlarga zarari bor, deb cheklov tasnifi qo‘yilmaydi.

Yana bir holat: bu qonunda «axborotni tasniflash», deyilmayapti. Qonunning 4-moddasida asosiy tushunchalar keltirilib, bunda «axborot mahsuloti» degan tushunchaga alohida izoh berib o‘tilgan. Unga ko‘ra, «axborot mahsuloti — O‘zbekiston Respublikasi hududida aylanish uchun mo‘ljallangan ommaviy axborot vositalari mahsuloti, bosma mahsulot, har qanday turdagi tashuvchilardagi audiovizual mahsulot, dasturiy ta’minotdan foydalangan holda tarqatiladigan, telekommunikatsiya tarmoqlariga, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtiriladigan axborot, kompyuter o‘yinlari, shuningdek tomoshabop tadbirlar vositasida tarqatiladigan axborot» deyilgan.

Demak, insonlar o‘rtasidagi o‘zaro axborot almashinuvlari, ikki tashkilot o‘rtasidagi axborot almashinuvlari bunga kirmaydi. Bu yerda keng omma mo‘ljallangan axborot mahsulotlarini O‘zbekston Respublikasida tarqatishdan avval yoshlar bo‘yicha tasniflashni amalga oshirish belgilab beriladi.

Yoshga oid tasniflash kim tomonidan amalga oshiriladi?

— Bu ham juda muhim jihat. Qonunning 17-moddasida «Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini belgilash axborot mahsulotini ishlab chiqaruvchilar va (yoki) tarqatuvchilar tomonidan, shu jumladan ekspertlarni jalb etgan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatish boshlanguniga qadar amalga oshiriladi» deb ko‘ratilgan.

Yoshga oid tasniflash mezonlari va tartiblari ishlab chiqilib, shunga ko‘ra, misol uchun qanday axborot mahsulotlari 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallanadi, qaysi mahsulotga 12+, qaysi biriga 16+ degan tasniflarni joylashtirish mezonlari belgilab beriladi.

Demak, tasniflashda asosiy mas’uliyat mahsulot yaratuvchining zimmasiga tushadi.

Axborot mahsulotini yaratgan muallif o‘zi mustaqil ravishda belgilab berilgan mezonlardan kelib chiqqan holda yosh tasnifini aniqlaydi va o‘sha belgini joylashtirgan holda mahsulotini tarqatadi. Bunda faqat kinofilmlar nazarda tutilmaydi, bu — kitob mahsulotlari yoki boshqa turdagi mahsulotlar bo‘lishi mumkin.

Demak, tasniflashda asosiy mas’uliyat mahsulot yaratuvchining zimmasiga tushadi. Agar ertaga kimdir bu axborot mahsuloti shu yosh toifasidagi bolalarga to‘g‘ri kelmasligi to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organiga murojaat qiladigan bo‘lsa, tegishli o‘rtanish-ekspertiza o‘tkaziladi. Ekspertizada rostdan ham tasniflash yoshi to‘g‘ri qo‘yilmagani aniqlansa, javobgarlik mahsulot yaratuvchining chekiga tushadi. Shuning uchun ham agar kimdir ishlab chiqargan axborot mahsulotini noto‘g‘ri tasniflab qo‘yishdan ikkilansa yoki cho‘chisa, u ekspertlarni jalb qilishi mumkin.

Ekspertlar kimlar?

— Ekspertlar maxsus vakolatli davlat organi tomonidan o‘rnatilgan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan, ma’lum bir yoshga doir psixologiya, fiziologiya yoki tegishli yo‘nalishlarda chuqur bilimlarga ega bo‘lgan mutaxassislar hisoblanadi.

Ekspertlar yo‘nalishlarga qarab ajratiladi. Deylik, kimdir bolalar psixologiyasi va kompyuter o‘yinlarini yaxshi biladi. U akkreditatsiyadan o‘tgan holda ekspertga aylanishi va kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqaruvchilar yoshga doir tasniflashda unga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Ya’ni, davlatning minimal aralashuvi, axborot mahsulotlarini tarqatishda erkinlikni ta’minlaydi.

Ekspertlarning reyestri shakllantilib, vakolatli organ saytiga joylashtiriladi. Axborot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar shu reyestrdan o‘zlariga mos ekspertlarni shartnomaviy kelishuv asosida o‘z mahsulotlarini tasniflashga jalb qilishlari mumkin. Bu tartib — shu yo‘nalishdagi liberal siyosatni belgilab beradi. Ya’ni, davlatning minimal aralashuvi, axborot mahsulotlarini tarqatishda erkinlikni ta’minlaydi. Bu birinchi masala.

Ikkinchisi, yuqorida aytib o‘tganimiz — axborot mahsuloti ekspertizasi masalasi. Fuqarolar, jamoat tashkilotlari, OAVda qaysidir axborot mahsulotining yoshlarga zarari yoki noto‘g‘ri yosh tasnifi haqida ma’lumot bo‘lsa, shu masala yuzasidan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga murojaat qilishlari mumkin. Shunga muvofiq axborot mahsuloti ekspertizadan o‘tkaziladi. Buni o‘ziga xos jamoatchilik nazoratining muhim turi, desak ham bo‘ladi. Ekspertiza jarayonida murojaatda ko‘rsatilgan e’tirozlar haqli deb topilsa, mahsulot ishlab chiqaruvchisiga ko‘rsatma va ekspertlar xulosasi taqdim qilinadi.

Mazkur qonunda axborot aylanishiga doir qanday talablar qo‘yilgan?

— Axborot mahsulotining aylanishiga doir talablar va xususiyatlar qonunning 18-19-moddalarida belgilab berilgan. Ularda bir nechta talablar ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, «Bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan bolalarni himoya qilishni ta’minlashning ma’muriy va tashkiliy chora-tadbirlarini, dasturiy-apparat va texnika vositalarini ko‘llamay turib, ushbu axborotning jamoat joylarida aylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi» deyilgan.

Jamoat joylarda bolalarni sog‘ligiga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotini faqat yopiq o‘ramlarda tarqatishga yo‘l qo‘yiladi. Ya’ni, katta yoshdagi auditoriyaga mo‘ljallangan kitob, jurnallar yopiq o‘ramlarda jamoat joylarda tarqatilishi belgilab berilgan.

Misol uchun, jamoat joylarda bolalarni sog‘ligiga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotini faqat yopiq o‘ramlarda tarqatishga yo‘l qo‘yiladi. Ya’ni, katta yoshdagi auditoriyaga mo‘ljallangan kitob, jurnallar yopiq o‘ramlarda jamoat joylarda tarqatilishi belgilab berilgan. Shuningdek, bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotni o‘z ichiga olgan axborot mahsulotining bolalar uchun mo‘ljallangan ta’lim, bolalar tibbiyot, sanatoriy-kurort, jismoniy tarbiya-sport muassasalarida, bolalarning madaniyat, dam olish va sog‘lomlashtirish tashkilotlarida tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bolalarning o‘z yosh toifasiga mos kelmaydigan axborot mahsuloti namoyish etiladigan tomoshabop tadbirlarda ishtirok etishi ham mumkin emas.

Qonunda belgilangan umumiy mexanizm shulardan iborat. Mazkur qonunning kuchga kirishi bilan bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish bo‘yicha tegishli huquqiy asos yaratildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring