Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayden salafi xatosini to‘g‘riladi: AQSh nufuzli xalqaro tuzilmaga qaytmoqda

Bayden salafi xatosini to‘g‘riladi: AQSh nufuzli xalqaro tuzilmaga qaytmoqda

AQShning nufuzli tuzilma a’zoligiga saylanishi prezident Bayden va davlat kotibi Blinken tomonidan olqishlandi.

 Foto: Davlat departamenti 

AQSh BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligiga ko‘pchilik ovoz bilan saylandi. Mamlakat 2022-2024 yillarda ushbu xalqaro tuzilma ishida a’zo sifatida faol qatnashadi. Qo‘shma Shtatlar 2018 yili Donald Tramp davridan Kengashni tark etgan edi. Bayden ma’muriyati esa joriy yil 24 fevralda mamlakatni Kengash a’zoligiga qaytarish borasida rasmiy so‘rov yo‘llagan.

Ushbu hodisa munosabati bilan bayonot bergan prezident Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar dunyo bo‘ylab adolatsizlik va zulmga qarshi kurashda oldingi safda bo‘lishini ta’kidladi.

«Inson huquqlarini himoya qilish va demokratiyaning xalqlar koriga yarayotganini namoyon etish zamonamizning dolzarb vazifalari sirasiga kiradi. Bu masala mening ma’muriyati tashqi siyosatida markaziy o‘rin tutadi. Qolaversa, mazkur jihat bizning millat va xalq sifatidagi javharimizdir», – deydi prezident Bayden. 

Ta’kidlanishicha, dunyo bo‘ylab zulm-zo‘ravonlikka qarshi kurashish, inson huquqlarini poymol etayotgan hukumatlarni jazoga tortish, ozodlikni muhofaza etish rasmiy Vashington diqqat markazidagi masalalar qatorida bo‘ladi.

«O‘tgan oy BMT Bosh assambleyasida ta’kidlaganimdek, biz tarixning burilish-evrilish pallasida turibmiz. Kelajak avlodga qanday dunyoni meros qoldirishimiz yaqin fursatdagi tanlovimizga bog‘liq», – deyiladi AQSh prezidenti bayonotida.

Ushbu muhim voqeaga AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham o‘z munosabatini bildirdi.

«Prezident Bayden hokimiyatga kelgan ilk kunlardanoq bizning tashqi siyosatimiz hurriyatni muhofaza etish, imkoniyatlarni asrab-avaylash, inson huquqlari va asosiy erkinlarni muqaddas deb bilish, qonun ustuvorligiga hurmat ko‘rsatish, har bir insonning qadr-qimmatini ta’mishlash kabi Amerikaning oliy demokratik qadriyatlariga asoslanishini baralla e’lon qildi. U, shuningdek, umuminsoniy muammolarni hal etishga salmoqli ulush qo‘shish maqsadida AQShning xalqaro maydondagi ishtirokini tiklash, yetakchilik maqomimizni qaytarishga va’da bergan edi», – deydi Entoni Blinken.  

Davlat kotibi o‘z bayonotida Kengash faoliyatini isloh etish zaruratiga ham urg‘u bergan.

Inson huquqlarini himoya qilish borasida dunyoda peshqadam va yalovbardor bo‘lgan mamlakatning uch yil avval BMT kengashini tark etishi xato qadam deb baholangan edi. Shunga ko‘ra, tahlilchilar Bayden ma’muriyati salafining yana bir xatosini to‘g‘rilagani va izolyasionizm siyosatidan yiroqlashuv yo‘lida dadil qadam tashlaganini ta’kidlamoqdalar. 

Avvalroq J.Bayden AQShning JSSTdagi a’zoligini tiklagan, iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij bitimiga qaytgan, BMT tuzilmalariga moliyaviy ko‘mak qayta yo‘lga qo‘ygan edi.

An’anaga ko‘ra BMT Inson huquqlari kengashi majlislariga Jeneva shahri (Shveysariya) mezbonlik qiladi. Foto: BMT

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, BMT tarkibida 1946 yildan Inson huquqlari bo‘yicha komissiya faoliyat yurita boshlagan. 2006 yili yangi davr talablariga ko‘ra komissiya o‘rnida Inson huquqlari kengashiga asos solingan. BMT Bosh assambleyasi organi bo‘lmish Kengash inson huquqlarini himoya qiluvchi dunyodagi eng muhim tuzilma sanaladi.

BMT Bosh assambleyasining 2006 yil 15 martdagi 60/251-sonli rezolyusiyasiga ko‘ra, Kengash a’zolari inson huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash borasida yuksak namuna ko‘rsatmog‘i lozim.

Kengash a’zolari – 47 davlat 3 yil muddatga yashirin ovoz berish yo‘li saylanadi. Mazkur tuzilmadagi o‘rinlar mintaqalar bo‘yicha taqsimlangan: Osiyo va Afrikaga 13 tadan o‘rin, Sharqiy Yevropaga 8 ta o‘rin, Lotin Amerikasi va Karib havzasiga 8 ta o‘rin, G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlarga (jumladan, AQSh, Kanada va Isroil) 7 ta o‘rin.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil oktyabr oyida O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marotaba BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylangan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring