Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bayram tantanasida ishtirok etish uchun san’atkorlar pora berarmidi?

Bayram tantanasida ishtirok etish uchun san’atkorlar pora berarmidi?

Yaqin-yaqingacha Mustaqillik va Navro‘z ayyomlariga bag‘ishlangan tantanalar misli ko‘rilmagan darajada o‘tkazilar edi. Buni tayyorgarlik ishlariga oylab vaqt sarflanishining o‘zidan ilg‘ash qiyin emasdi. (Endilikdayam bunday tadbirlar katta ishtiyoq bilan, biroq ancha kamtarona, xalq sayli shaklida o‘tkazilmoqda, aholi ham shunisini ma’qul ko‘rayotir). Bunday tadbirlarda ishtirok etish ko‘p san’atkorlar uchun orzu ediki, uning  ro‘yobi yo‘lida «aylanmay yo‘llardan» yurishgacha borishi haqida gap-so‘zlar quloqqa tez-tez  chalinib qolardi.

O‘sha gaplar bejiz emas ekan. 

O‘z vaqtida mazkur tantanalarga bosh rejissyorlik qilgan O‘zbekiston xalq artisti Rustam Hamidov O‘zA muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda tantanalarga san’atkor tanlashda g‘alati-g‘alati o‘yinlar bo‘lganini ochiq-oydin e’tirof etadi: «...ba’zi bir artistlar bayramga chiqaman, deb, tanish-bilishi orqali harakat qildi. Madaniyat va san’at sohasiga yaqin bo‘lgan ba’zi rahbarlar hattoki pul, ya’ni pora, «choypuli» olib, ularni olib chiqishdi. Kattaroq rahbarlar ham aralashgan edi bu ishga. Qo‘shiqlarni eshitib, musiqalarni tanlayotganimizda men «Bunisi bo‘lmaydi, bunisining ovozi yo‘q, manavining musiqasi to‘g‘ri kelmaydi. Ularni qisqartiraylik, katta sahnaga olib chiqmaylik», deya e’tiroz bildirsam, o‘sha «kattalar» «Hozircha turaversin, keyin bir gap bo‘lar», deyishgan. Men qilgan saralashni – rahbarlar qilishi o‘rniga, qaytanga ularning o‘zi shunaqa sifatsiz asarlarni, talantsiz «san’atkorlar»ni tiqishtirgan. Ba’zan hatto «Bu – «yuqori»dan, falonchining topshirig‘i» deya aytishgacha borishgan...».

Bundan tashqari rejissyor bayram tantanalariga ajratilgan mablag‘lar «tuya qilganini» ham  suhbatda yashirib o‘tirmaydi: «...Qizig‘i shundaki, bosh rejissyor, badiiy rahbar sifatida (rahbarlardan) – tuzilgan smetalar asosidagi pul mablag‘larini men so‘rayman. Chunki minglab kiyim-kechaklar, poyabzallar tikilishi, sahna bezaklari yasalishi lozim. Ovoz kuchaytirgichlar, yoritkichlar – hammasi valyutaga sotib olinishi kerak. Keyin o‘sha siz aytgan narsalar boshlandi. Bizni ijodiy ishga javobgar, deya moliyaviy ishlarga yaqinlashtirishmaydi. Bir necha bor shunaqa voqealarni sezdim. Ba’zilar bilan ancha kurashdim. Keyin bilsam, bu ishlar «gazak olib ketgan» ekan. Hattoki bir-ikkitasi qamalib ham chiqdi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring