Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bir million dasturchi» loyihasi yoshlarga kuch bermoqda (video)

Avval xabar berganimizdek, 7-8 aprel kunlari «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-maktab hamda Navoiy viloyati, Karmana tumanidagi 2-maktabga Prezident sovg‘asi – «Spark» avtomobillari topshirilgan edi. 

Maktab jamoalari uchun katta shodiyonaga aylanib ketgan tadbirlarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qori Kengesi raisi o‘rinbosari Otabek Davletov hamda Karamana tumani hokimi Faxriddin Umarovlar ishtirok etishdi.

«Bir million dasturchi» loyihasi yoshlar, ayniqsa, maktab o‘quvchilari orasida katta qiziqish uyg‘ota oldi. Mazkur loyiha doirasida ta’lim olayotganlar soni jami 200 ming nafardan oshdi, bunda umumta’lim maktab o‘quvchilari jami loyiha ishtirokchilari orasida 67,2 foiz bilan yetakchi hisoblanadi. Hududlar kesimida uzbekcoders.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tganlar soni bo‘yicha Navoiy viloyati (36 600 nafar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (27 574 nafar) va Toshkent shahri (25 572 nafar) yetakchilik qilib kelmoqda.

Olis Qo‘ng‘irotdagi 39-maktabda mingdan ziyod o‘quvchi tahsil oladi. Maktab o‘quvchilarining axborot texnologiyalari sohasiga qiziqishlari baland. Informatika fani o‘qituvchilari Po‘lat Izbaganetov, Sayyora Reyimboyeva va Shahnoza Boltaboyevalar o‘quvchilarning bu boradagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlashmoqda. Natijalar ham chakki emas. Misol uchun, 10-sinf o‘quvchisi Asadbek Salavatov maktab veb-saytini yaratgan bo‘lsa, 11-sinf o‘quvchisi Mukarama Po‘latova shoira Zulfiya veb-sahifasini ishlab chiqdi. Bunday iqtidorli o‘quvchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Maktab direktori Seitkamol Yeshmuratov informatika fani o‘qituvchilari Po‘lat Izbaganetov, Sayyora Reyimboyeva va Shahnoza Boltaboyevalarga «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni, Asadbek Salavatov va Mukarama Po‘latova singari o‘quvchilarga diplom va maxsus sovg‘alar berilganidan xursandligini yashirib o‘tirmadi.

Karmana tumanidagi 2-maktabda ham qariyb 1200 nafar o‘quvchilar tahsil oladi. Maktabda iqtidorli o‘quvchilar ko‘p, umuman olganda, o‘qituvchilar ham, ulardan tahsil olayotgan o‘quvchilar ham turli tanlovlarda munosib o‘rinlar egallab kelishmoqda. Taqdirlash marosimida Prezident sovg‘asidan ruhlangan Navoiy viloyati hokimligi maktabga zamonaviy 15 ta kompyuter jamlanmasi sovg‘a qildi va yana bir informatika sinfini tashkil etib beradigan bo‘ldi.

Shu kuni maktabni axborot texnologiyalari sohasiga ixtisoslashtirishga qaror qilingani ma’lum bo‘ldi. 

«Bir million dasturchi» loyihasi yoshlarga ana shunday kuch bermoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring