Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!

Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!

Foto: Institut matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlardan nimalar kutayotganini o‘tgan yilning 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ijod maktabida, yaqinda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga yo‘llagan murojaatnomasida ro‘yi rost ifoda etdi.  Yoshlar muammolariga, ular oldida ko‘ndalang turgan vazifalarga to‘xtalib, «Hali oldimizda qiladigan ishlarimiz juda ko‘p va bu borada yoshlar mamlakatning tayanchi bo‘ladi», — deya ishonch bildirgani bejiz emas.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Mudofaa vazirligi hamkorligida tashkil etilgan «Biz, yoshlar — Prezidentimizga kamarbastamiz!» deb nomlangan ma’rifiy uchrashuv yuqoridagi mulohazalarning isboti o‘rnidagi dadil qadam desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Foto: Institut matbuot xizmati
Foto: Institut matbuot xizmati

Tadbirda nufuzli mehmonlar, ofitserlar, harbiy orkestr va professor o‘qituvchilar, talaba va magistrantlar ishtirok etishdi. Uni institut rektori O‘ktam Umurzoqov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, davlat va jamoat arbobi, akademik Oqil Salimov, Fanlar akademiyasi akademigi Sa’dulla Iskandarov, mamlakatning birinchi mudofaa vaziri, general-polkovnik Rustam Ahmedov, O‘zbekiston qahramoni Ravshan Qurbonov va boshqalar so‘zga chiqishib o‘zlarining hayotiy va ilmiy tajribalarini o‘rtoqlashishdi.

Badiiy qismda Mudofa Vazirligi ashula va raqs ansambli solisti, podpolkovnik Marat Hakimov ijrosida qo‘shiq yangradi. Tadbir yakunida Qurolli kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining xonandasi  Botir Hojiyev ijrosida «Milliy armiyam» nomli qo‘shig‘i ijro etildi.

Shu o‘rinda prezident murojaatnomasi yuzasidan mulohaza.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida oliy ta’limdagi muammolar va yangi tashabbuslarga to‘xtaldi. Unda, oliy o‘quv yurtlarida davlat grantlari ikki barobar ko‘paytirilishi, qizlar uchun oliy o‘quv yurtlarida alohida grant o‘rinlari ajratilishini e’tirof eta turib «Hech bir davlat ta’limdagi muammolarni birdan hal qila olmaydi, Oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar ikki barobar qisqartiriladi. Geologiya bo‘yicha qanday maktabimiz bor? Matematika bo‘yichachi? Ilm-fan sohasida maqsadli grantlar masalasini tubdan qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Shu vaqtgacha qarsak chalib yurdik, natija bo‘lmadi. Grantlar miqdorini ikki barobar ko‘paytiramiz», dedi.

Oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar ikki barobar qisqartirilishi e’tiborga molik masala. Pedagogik ta’lim muassasalarda 6 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati uch yil etib belgilandi. Pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimini joriy etilishi ham ahamiyatli bo‘ldi. Maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020-yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazilishi mamlakat taraqqiyotida muhim omil sanalgan oliy ma’lumotli mutaxassislar sonini keskin oshiradi.

Imom Buxoriy hazratlari «Ilmdan o‘zga najot yo‘q», deb ta’kidlagan edi. O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirish ham faqat ilm-ma’rifat va innovatsiya tufayli amalga oshadi. Buning uchun tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, nutqiy madaniyat va notiqlik mahoratiga ega bo‘lgan liderlik faoliyati bilan alohida ajralib turadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalash, oliy ma’lumot olaman, ilmli bo‘laman, degan yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratib berish zarurligi Murojaatnomada alohida qayd etildi.

Prezidentimizning ona tili bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish to‘g‘risidagi taklifi nafaqat yoshlar, balki o‘zini vatanparvarman, deb hisoblaydigan barcha yurtdoshlarimizni quvontirdi. Vatanga sadoqat, ma’naviyat va qadriyatlarimizga hurmat hissi har bir inson qalbiga, avvalo, ona tili orqali singishini, kishining bilimi va fikrlash doirasi o‘z ona tilini o‘zlashtirganlik darajasiga bog‘liqligini hisobga olsak, bu taklifning ahamiyati ko‘z oldimizda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Prezidentimizning ushbu o‘gitlarini har bir yosh qulog‘iga quyib, yuragiga joylab olishi zarur: «Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi. Sharq donishmandlari aytganidek, «Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir»!

Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI matbuot xizmati rahbari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring