Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura yangi tafsilotlarni ochiqladi

Bosh prokuratura yangi tafsilotlarni ochiqladi

Foto: «Xabar.uz»

Bosh prokuratura tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joriy etilgan favqulodda holat davrida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar bo‘yicha Hayot Shamsuddinov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, joriy yil 16 iyul holatiga ko‘ra, tergov-tezkor guruhi tomonidan o‘tkazilgan tergov harakatlari doirasida:

  • hodisa yuz bergan hududlar va joylar ekspert va mutaxassislar ishtirokida to‘liq ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 550 dan ortiq ashyo va narsalar rasmiylashtirib olindi;
  • yetkazilgan zararning haqiqiy miqdorini aniqlashga qaratilgan choralar ko‘rilib, hozirga qadar fuqarolar va tadbirkorlarning mol-mulklari, davlat va ijtimoiy infratuzilma ob’yektlariga 3 mlrd. 147 mln. so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi;
  • ommaviy tartibsizliklar oqibatida jabrlangan shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, o‘z xizmat burchini bajarayotgan vaqtida tan jarohati olgan 141 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda sog‘lig‘i va mulkiga zarar yetkazilgan 16 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb e’tirof etildi.

Jinoyat sodir etgan shaxslarni fosh etishga qaratilgan tadbirlar doirasida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, belgilangan tartibda ushlangan fuqarolarning himoya huquqi advokat orqali amalga oshirishi to‘liq ta’minlangan, ularning ushlanganligi va qamoqqa olinganligi hamda saqlanayotgan joyi haqida yaqin qarindoshlariga belgilangan tartibda xabar berilgan.

Saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar to‘la ta’minlangan. Ushlanganlarning sog‘lig‘i va saqlash sharoitlari bo‘yicha e’tirozlari mavjud emas.

Ta’kidlanishicha, ba’zi xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda voqeada ishtirok etgan ayrim fuqarolar bedarak yo‘qolganligi haqida asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan «feyk» xabarlar tarqatilmoqda. Vaholanki, tarmoqlarda tarqatilgan ro‘yxatda ko‘rsatilgan ba’zi fuqarolar o‘z yashash uyida ekanliklari, bir qismi Qoraqalpog‘iston hududidan chetga chiqib ketganliklari, ayrimlari esa, umuman mavjud bo‘lmagan shaxslar ekanligi aniqlandi. Shunda bo‘lsa-da, bu holat ham Bosh prokuratura tezkor-tergov guruhi tomonidan nazoratga olindi va hozirgi vaqtda yana bir bor chuqur o‘rganib chiqilmoqda.  

«Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqea-hodisalar yuzasidan biron-bir ma’lumotga yoki ishga aloqador ashyolarga ega bo‘lsangiz, ularni tergov-tezkor guruhiga taqdim etishingizni so‘raymiz», deyiladi prokuratura murojaatida.

Avvalroq Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar tufayli shifoxonaga o‘ta og‘ir ahvolda yotqizilgan yana 3 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring