Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Boshi berk nuqtasi» bormi? O‘zbekistonda Finlyandiya ta’lim dasturi o‘rganilmoqda

«Boshi berk nuqtasi» bormi? O‘zbekistonda Finlyandiya ta’lim dasturi o‘rganilmoqda

Joriy yilning 21 aprel kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Finlyandiyaning Ta’lim va madaniyat vazirligi hamda Milliy ta’lim agentligi hamkorligida «Finlyandiya ta’lim dasturlarini o‘rganish: ta’lim dasturlari va o‘quv materiallari» mavzusiga bag‘ishlangan onlayn seminar tashkil etildi.

Tadbir davomida Finlyandiyalik mutaxassislar tomonidan Finlyandiya ta’lim tizimi, milliy va mahalliy o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘quv materiallari va televideniye orqali dars beruvchi o‘qituvchilarni tayyorlash bilan bog‘liq qator masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

Jumladan, Finlyandiya Milliy ta’lim agentligi ta’lim maslahatchisi Yorma Kauppinenning ta’kidlashicha, fin ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash bo‘yicha «boshi berk nuqta» mavjud emas. Yoshlar erta bolalik davridan boshlab, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb hunar yoki oliy ta’lim muassasalarini bitirganidan keyin ham ta’limni davom ettirishadi.

Maktablarda dars soatlarining taqsimoti haftasiga 1-2-sinflar uchun eng kamida 19 soat qilib belgilangan bo‘lsa, 9-sinflar uchun esa ushbu ko‘rsatkich 30 soatni tashkil etadi. Maktablar o‘quv rejasiga ko‘ra, to‘qqiz yillik haftalik umumiy yuklama 222 soat. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 254 soatni tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, Finlyandiyada o‘quv materiallari milliy o‘quv dasturiga asoslangan holda davlat tili fin yoki shved tilida tayyorlanadi.

Xususan, Finlyandiya davlat teleradiokompaniyasi va Finlyandiya ta’lim agentligi hamkorligida o‘qituvchilarga kundalik hayotini mazmunli o‘tkazishi, o‘z-o‘zini rivojlantirishlari va boshqa o‘qituvchilar bilan o‘zaro muloqot qilishlari uchun alohida telekanal tashkil qilingan.

Bugungi kunda Finlyandiyada qo‘llanilayotgan o‘quv dasturlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, izchillik bilan o‘rganilmoqda. Mazkur jarayonda Finlyandiya ta’lim tizimining mahalliy sharoitga mos jihatlari yangilanadigan o‘quv dasturlariga singdiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring