Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda 33 nafar xodim ichki ishlar organlari safidan bo‘shatildi

Buxoroda 33 nafar xodim ichki ishlar organlari safidan bo‘shatildi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida joriy yilning shu davriga qadar 33 nafar xodim ichki ishlar safidan bo‘shatilgani bildirildi, deya ma’lum qilmoqda «Xabar.uz» muxbiri.

Viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Umidjon O‘tayev tomonidan o‘tkazilgan anjumanda tizimda kadrlar bilan ishlash, xodimlarning kasbiy va jangovar tayyorgarligini oshirish, ichki ishlar organlari va ta’lim muassasalariga ishga hamda o‘qishga nomzodlarni qabul qilish tartibi, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z bordi.

Bunda faoliyati davomida o‘z xizmat vazifasiga e’tiborsiz yondoshgan, odamlar bilan munosabatda qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlar ichki ishlar safidan chetlatilgani bildirildi.

«Ichki ishlar organlari xodimlari xalq xizmatchisi hisoblanadi. Odamlar bilan muloqotda qo‘polliklar sodir etgan, xizmat vazifasiga loqayd qaragan xodimlarga ichki ishlar safidan o‘rin yo‘q. Fuqarolarning turli mazmundagi bu murojaatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshgan. Shundan tizimda faoliyat yuritib kelgan xodimlarning noo‘rin xatti-harakatlari ustidan kelib tushgan shikoyatlar soni kamaygan bo‘lishiga qaramay, ular soni bitta bo‘lsa ham tizim uchun ko‘p hisoblanadi. Xizmat intizomi va qonunchilikni buzgan 66 nafar xodimga nisbatan turli ko‘rinishdagi intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi. Salbiy holatlarga ko‘ra, 33 nafar xodim ichki ishlar organlari safidan chetlatildi»,—deydi Umidjon O‘tayev.

Anjumanda ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartiblari to‘g‘risida tushunchalar berildi. Shuningdek, ishga qabul qilinayotgan nomzodlarning ma’naviy-axloqiy sifatlari, psixologik va intellektual rivojlanganlik, jismoniy tayyorgarlik hamda bilim darajasini baholash tizimi mutlaqo qayta ko‘rib chiqilib, zamon talabiga mos ravishda o‘zgartirilgani haqida ham bildirib o‘tildi.

Ma’lumot berilishicha, nomzodlarni xizmatga tanlab olish bosqichlari o‘zgartirilib, fuqarolarning tegishli hujjatlarini rasmiylashtirish tanlovlardan so‘ng amalga oshiriladi.

«Ilgari ichki ishlar organlariga nomzodlar soni o‘rtacha 800 nafardan oshsa ham ularning barchasi ma’lum miqdordagi to‘lovni amalga oshirgach, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilardi va so‘ngra keyingi bosqichlarga «start» olardi. Shunda ham tibbiy ko‘rikdan o‘tolmay, cho‘ntagidagi puli bekorga sarflagani qolgan nomzodlar ko‘pchilikni tashkil etardi. Endi esa nomzodlar tomonidan tibbiy tekshiruv uchun ortiqcha mablag‘ sarflanishi oldi olindi.

Xizmatga qabul qilish jarayoni tezlashdi. Kadr va tibbiyot xodimlarining ortiqcha vaqti va mehnat sarfi kamayishiga erishildi. Bu amal yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, xizmat vazifasiga e’tiborsiz, qo‘pol fe’l-atvorli xodimlarning tizimga kirib qolishining oldini olishda ham ahamiyat kasb etadi. Maqsad ichki ishlar organlarini o‘z xizmat burchini «Xalq manfaatlariga xizmat qilish» deb bilgan xodimlar bilan to‘ldirib, professional tuzilmaga aylantirish»,— dedi Umidjon O‘tayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring