Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda Qur’oni Karim nusxalari namoyish etildi (foto)

Buxoroda Qur’oni Karim nusxalari namoyish etildi (foto)

Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro ziyorat turizmi haftaligida 20 dan ortiq davlatdan 130 nafar islom dini peshvolari, xalqaro sayyohlik tashkilotlari, turizm sohasi ekspertlari, ilmiy  jamoatchilik vakillarining ishtiroki ta’minlandi.

Haftalik doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida  bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada Qur’oni karimning O‘zbekiston fondlarida saqlanayotgan 40 dan ortiq qadimiy nusxalari namoyish etildi, deya xabar bermoqda Xabar.uz muxbiri.  

«Mamlakatingizda muqaddas Qur’oni karim kitobi nusxalarining juda uzoq tarixdan buyon ko‘z qorachig‘idek asrab, saqlanib kelinayotgani tahsinga loyiq. Milliy va diniy qadriyatlarga cheksiz ehtiromingiz bizni har doim hayratga solib kelgan»,— dedi BAA Shayx Muhammad bin Zaid kutubxonasi rahbari Bassuni Gaballah.

Qur’oni Karim kitobining qadimiy nusxalari namoyishidan so‘ng Buxoro xattotlik maktabida arab tili va islom xattotlik san’atidan saboq beradigan «Al-manar» markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab xattotlarning san’at va mahorat ko‘rgazmalari ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

Ma’lumki, xattotlik Sharq mamlakatlarida o‘ziga xos alohida yo‘nalish kasb etib kelgan va fan darajasiga ko‘tarilgan. O‘rta Osiyo xalqlari islom dinini qabul qilishi bilan bu o‘lkaga arab yozuvi ham kirib kelgan va odamlar orasida muomalada bo‘lgan qadimiy uyg‘ur, o‘rxun-enasoy, sug‘d, xorazmiy yozuvlari asta-sekin iste’moldan chiqqan. Ularning o‘rnida 7-asr oxirlariga borib, arab yozuvi ilmu fan va davlat ishlarida rasmiy yozuvga aylangan. Shu bilan arab xatini o‘zlashtirish va uni san’at darajasida ko‘tarishga jiddiy ahamiyat berila boshlangan.

«O‘rta Osiyoda kitob bosish vujudga kelguniga qadar qo‘lyozma kitob tayyorlash, ularning nusxalarini ko‘paytirish (matn ko‘chirish) bilan xattotlar shug‘ullangan. Har bir xatga san’at mo‘’jizasi sifatida qaralgan. Shu sababli bu san’at rivojlanib, turli xattotlik maktablari yuzaga keldi. «Al-manar» markazi ham Buxoro xattotlik maktabi tarixi va uning istiqbolida juda katta ahamiyat kasb etadi. Kechadan ish boshlagan arab tili va islom xattotlik san’atidan saboq beradigan ushbu markaz yoshlar o‘rtasida go‘zal husnixatni qayta tiklash uchun pog‘ona hamdir», — deydi viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi birinchi o‘rinbosari Suhrob Bobokalonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring