Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqand Yaponiyaning qadimiy poytaxti bilan birodarlik munosabatini o‘rnatdi

Samarqand Yaponiyaning qadimiy poytaxti bilan birodarlik munosabatini o‘rnatdi

O‘zbekistonning qadimiy kenti Samarqand hamda Yaponiyaning ko‘hna poytaxti Nara birodar shaharlar deb e’lon qilindi. Bu haqda Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Birodarlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim Samarqandda ikki shahar hokimi – Fazliddin Umarov va Nakagava Gen tomonidan imzolandi. Marosimda, shuningdek, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Nara parlamenti raisi Kita Yosiaki hamda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Fujiyama Yoshinori qatnashdi.

«Biz birodar shahar nomzodi borasida uzoq o‘yladik. Boz ustiga, yigirma yildan buyon biror shahar bilan bunday munosabat o‘rnatmaganmiz. Yakunda bizning tanlovimiz, bizga munosib deb bilganimiz Samarqand bo‘ldi. Tarixi, madaniyati uzoq o‘tmishga borib taqaladigan ko‘hna shahar bilan mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘langanidan mamnunmiz», – dedi Nara hokimi.

E’tiborga molik jihati, bu – O‘zbekiston hamda Kunchiqar o‘lka shaharlari o‘rtasida ilk birodarlik munosabati o‘rnatilishidir. Yangi bitimning imzolanishi nafaqat Samarqand va Nara, balki umuman ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Ikki qadimiy shahar o‘zaro birodarlik munosabati o‘rnatgani tasodif emas. Zero, ular o‘rtasida mushtarak jihatlar talaygina. O‘z davrida poytaxt bo‘lgan har ikki shaharda tarixiy obidalar bisyor, ularning katta qismi UNESKOning butunjahon meros ro‘yxatiga kiritilgan. Har ikki shahar davlatchilik beshigi, turizm markazi sanaladi. Samarqand osha o‘tgan Buyuk ipak yo‘lining sharqiy bo‘g‘ini Nara shahrida yakun topgani ham ramziy ma’noga ega.

O‘zbekiston hamda Kunchiqar o‘lka o‘rtasida turli sohalardagi aloqalar faollashmoqda. Kecha, 25 oktyabr kuni Toshkentda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki davlat qo‘mitalarining 16-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni besh barobar ko‘payib, 55 taga yetdi. 2022 yilning to‘qqiz oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi. Yig‘ilishda Yaponiya tomoni O‘zbekistonda raqamlashtirish darajasini 70 foizga yetkazishga ko‘maklashish niyatini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring