Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saudiya shirkati O‘zbekistonda vodorod zavodi quradi

Saudiya shirkati O‘zbekistonda vodorod zavodi quradi

Foto: ISSV

ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonda «yashil» vodorod ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod barpo qiladi. Bu haqda 3 mart kuni Toshkentda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan uchrashuvida so‘z bordi.

ISSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbatda kompaniyaning mamlakatimizdagi loyihalar portfelini amalga oshirishning dolzarb masalalari hamda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, Sirdaryo, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 2,6 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarni rejadan oldin ishga tushirish uchun kerakli choralarni ko‘rishga kelishildi.

Tomonlar Samarqand viloyatida 500 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi va Toshkent viloyatida 200 MVtli quyosh elektr stansiyasini qurish loyihalari bo‘yicha tegishli loyihaoldi jarayonlar nihoyasiga etgani va yangi shartnomalar tuzilganini olqishladi.

ACWA Power kompaniyasining mamlakatimiz energetika sohasini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi oshib bormoqda. Ayni paytda Saudiya shirkatining O‘zbekistondagi investitsiyaviy portfeli umumiy qiymati 4,4 milliard dollardan ortiq va quvvati 4,1 GVt dan ko‘p bo‘lgan 5 ta loyihadan iborat.

Avval xabar berganimizdek, prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 24 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumaniga tashrifi doirasida ACWA Power kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilayotgan shamol elektr stansiyasi majmuasiga tamal toshi qo‘yish marosimida qatnashgan. Ushbu loyiha ishga tushgach, 110 ming xonadonni qo‘shimcha elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi, yiliga 106 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Prezident Sh.Mirziyoyev 2022 yil 16 noyabr kuni Xorijiy investorlar kengashining birinchi majlisi doirasida ACWA Power boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanni qabul qilgan.

2022 yil 23 dekabr kuni Toshkentda Saudiya kompaniyasi  bilan Qoraqalpog‘istonda umumiy quvvati 1500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha yana bir shartnoma imzolangan. Mazkur yirik quvvatli stansiya 2026 yilda ishga tushirilishi, yiliga 5,2 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi va buning natijasida yiliga 1,5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring