Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chilonzorda yuz bergan yong‘inda 5 kishi halok bo‘lgani aytildi

Chilonzorda yuz bergan yong‘inda 5 kishi halok bo‘lgani aytildi

Bugun, 27-fevral kuni Chilonzor tumanida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Yahyojon Abdulhaqov, Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimov va uning o‘rinbosari Ikrom Narimov hamda boshqa mutasaddilar ishtirokida Qizil Sharq mavzesidagi «Shovotlandiya» kafesiga o‘t qo‘yish bilan bog‘liq jinoyatning muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, mazkur kafeda sodir bo‘lgan yong‘in shu yerda ishlagan va yashagan besh nafar insonning hayotiga zomin bo‘lgan.

Tadbirda ishtirok etgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari umumiy ovqatlanish joylari rahbarlariga murojaat qilib, o‘z ishchilarini ijtimoiy himoya qilinishiga mas’ul ekanliklarini, xodimlar noturar binolarda yashamasliklari uchun yashash joyi bilan ta’minlashlarini, xodimlarni ishga yollashda ularni to‘liq tekshirishlarini so‘rashdi. Ishchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazishlarini, ularning muammolarini aniqlab, bartaraf etish choralarini ko‘rish lozimligini ta’kidlashgan. Shuningdek, muhokamada ishtirok etgan mahalla vakillariga yuzlangan ichki ishlar organlari va prokuratura vakillari, o‘z hududlarida notanish va shubhali shaxslarni ko‘rganida yanada e’tiborli bo‘lishga da’vat etishgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 27-fevral soat 03:51da Toshkent shahri, Chilonzor tumani, «Sharq» MFY, Guliston ko‘chasi 9A-uy manzilida joylashgan «Shovotlandiya-1» MChJ kafesida yong‘in sodir bo‘lgani xabar qilingandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring