Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Cho‘lda xufyona ko‘mib ketilgan «tramadol» topildi

Cho‘lda xufyona ko‘mib ketilgan «tramadol» topildi

Qozog‘istonlik narkokur’yerlar tomonidan Navoiy viloyatining Uchquduq tumani Qizilqum cho‘li hududiga xufiyona tarzda ko‘mib ketilgan 12 000 dona «Tramadol» dori vositalari borligi aniqlandi.

DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Respublika bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu holat aniqlanib, vositalar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. 

Mazkur dori vositalarining haqiqiy egasini aniqlash maqsadida tezkor tadbir davom ettirilib, To‘rtko‘l tumanida yashovchi, 1988 y.t. muqaddam sudlangan shaxs qo‘lga olindi.

DXX va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbirda Zangiota tumanida yashovchi, 1987 y.t. tish shifokori Olmazor tumanida joylashgan o‘zining xususiy klinikasida 1960 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy saqlab kelayotganligi aniqlandi. 

DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan «Farg‘ona-Qo‘qon» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan «Neksiya» rusumli avtomashina Oltiariq tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1989 y.t., muqaddam bir necha marta sudlangan shaxsga tegishli 2803 dona «Regapen» va 1000 dona «Tropikamid» borligi ma’lum bo‘ldi. 

O‘z navbatida u kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Farg‘ona tumanida yashovchi, 1998 y.t. fuqarodan 50 mln. so‘mga sotib olganligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi. 

Farg‘ona tumanida yashovchi, 1998 y.t. fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, unda 1050 dona «Regapen» va 101 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Ta’kidlash lozimki, yuqorida keltirilgan barcha kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari mamlakatimizga Qirg‘iziston Respublikasidan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan.  

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring