Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Cho‘ponlar nega ko‘zoynak taqmaydi? Internet, koronavirus... va qo‘y-qo‘zilarga do‘st Bo‘ri haqida

Cho‘ponlar nega ko‘zoynak taqmaydi? Internet, koronavirus... va qo‘y-qo‘zilarga do‘st Bo‘ri haqida

Foto: «Xabar.uz»

Cho‘l sharoitini faqatgina o‘sha yerda yashagan insonlar biladi. Sizu biz ba’zida bahor vaqtlari borib, «ekzotika» deb biluvchi go‘zal tabiatining shu qadar injiqliklari borki, bu manzilda yashovchilarga qor-qirovli qishda ham, jazirama saratonda ham hamroh — sabot, qanot — umid bo‘ladi.

Tasavvur qiling, atrof qum, yolg‘iz o‘tov, qo‘ni-qo‘shni yo‘q, dardkashingiz faqat qo‘y-qo‘zilar. Qishda cho‘ponning qo‘rasiga ba’zan bo‘ri «mehmon» bo‘lsa, yozda esa chayon va soya izlagan o‘q ilonlar o‘zini o‘tovga uradi. Lekin shu sharoit cho‘ponlar uchun ko‘nikma hayot, taqdir.

Ana shunday taqdir egasi bo‘lgan qahramonimiz, Nurota tumanining olis cho‘li — bir tomoni Aydarko‘l sohillari bilan tutashgan hududida yashaydigan Jumabek Davlatov. Tuman hokimligi vakillari «muxbir» deb tanishtirgandan so‘ng, iymanib o‘zini tanishtirgan cho‘pon, shoshilganicha boshpanasiga kirib ketdi. Nima bo‘ldi, deb savolomuz hamrohlarimga qaradim, «shoshilmang, hozir» deyishdi. Shu ondayoq sokin otarda o‘choqqa o‘t qalash, yana nimalardir boshlanib ketdi.

— Bir piyola choy ichib ketmasak, cho‘pon xafa bo‘ladi, bu — udum, deydi hamrohlarim.

Shu asnoda bir piyola choy ustida cho‘pon bilan suhbatimiz boshlandi.

— Kayfiyatimiz zo‘r deydi, cho‘pon. Bu yil aynan biz kutgan ob-havo bo‘ldi. Bilsangiz, biz cho‘ponlar  osmonga qaragan xalqmiz. Qor va yomg‘irdan doim umidvormiz. Chorvamizni va o‘zimizni taqdirimiz shu o‘zgaruvchan tabiatga bog‘liq.

Shu asnoda suhbatdoshimiz ochila boshladi.

Cho‘pon tayog‘i

Bir qarashda oddiygina ko‘ringan cho‘pon tayog‘ida ko‘p ramziy ma’no bor ekan. O‘sha tayoq juda qadrlanar ekan.

— Otamdan 26 yoshimda shu tayoqni qabul qilganimdan so‘ng cho‘pon degan haqiqiy mavqega erishganman, — deydi qahramonimiz. — Bu tayoqni otamning otasi unga bergan, u menga, men esa farzandlarimga beraman. Bu tayoq ajdodlarimizdan qolgan meros. Biz uchun juda qadrli. U doim otamni eslatib to‘radi. U hatto bir bor hayotimni asrab qolgan, — deydi bizni hayron qoldirib. — Bir kuni ochiq cho‘lda ikkita bo‘riga duch kelib qoldim, atrofda hech kim yo‘q, yordam chaqirish befoyda. Bo‘rilar esa hujumga shaylanyapti, shunda shu tayoqni olib havoda silkidimda, xuddi miltiq ushlaganday ularga o‘qtaldim, bo‘rilar darrov qochib qoldi...   

Cho‘ponlar nega ko‘zoynak taqmaydi?

Shu asnoda suhbat qizib bordi. Bir-biridan qiziq hikoyalar esa diktafonimga muhrlanardi...

Aytishlaricha, dunyodagi eng o‘tkir ko‘z sohiblari — cho‘ponlar bo‘lar ekan. Bunga sabab esa, faqat olislarga qadalgan nigohlar emas, balki cho‘ponlarning har oqshom gulxan atrofidagi o‘tirishidan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha gulxan asosan cho‘l yantog‘idan tashkil topadi va u ko‘zning zararli zahrini olarkan.

Cho‘ponlarning aksariyati sog‘lom bo‘lib, ular kuniga 30 kilometrgacha masofani piyoda bosib o‘tar ekan. Yana bir qiziq ma’lumot — cho‘ponlar deyarli dorixonaga murojaat etmaydi. Ehtimol bunda cho‘ldagi tabiiy giyohlar, ko‘ldan tutilgan baliqlar, barra go‘shti, tuya, echki sut qatig‘ining o‘rni bo‘lsa ne ajab. Shu o‘rinda bir gap, Aydarko‘l qirg‘og‘idan to‘tilib, cho‘pon tomonidan pishirilgan baliqning mazasi — a’lo, bunga har qanday usta oshpaz ham tan berishi aniq.

Internet va koronavirus

Cho‘ponlardan internet haqida so‘raganimizda, savolning mohiyatini boshqacha tushunishdi shekilli, «qishloqqa borsakkina ko‘ramiz televizorni» deb javob berishdi. Soddalashtirib so‘raganimizdan so‘ng, ma’lum bo‘lishicha, har ovulda bittadan oddiygina Nokia telefoni borligini, ular ham naslchilik MChJ tomonidan berilganini bildirishdi. Dunyoni egallayotgan vahima — koronavirus haqida so‘raganimizda esa, buni eshitmaganligini aytib, «bizgacha kelmas» deb qo‘yishdi.

Shu asnoda suhbatimiz qizib turganda tashqarida itlar bezovta hura boshladi, uy bekasi qozoqchada «chiqing, bo‘ri keldi» deb qoldi. Vahimadan o‘rnimdan sapchib turdim, nigohimni dasturxondagi pichoqqa shaylanganimni bilaman, hamrohlarim kulib yubordi va «qo‘rqmang, bu siz o‘ylagan yovvoyi bo‘ri emas, naslchilik MChJmiz raisi Bo‘ri aka» deyishdi. Buni eshitgan Bo‘rivoy aka ham jilmayib: «Bizda ikki xil bo‘ri bor, biri — dushman bo‘lsa, biri — qo‘y-qo‘zilarni do‘sti bo‘lgan Bo‘ri» deb kirib keldi.

Yana bir e’tiborimni tortgani bu — cho‘ponlarning qalin kiyimi bo‘ldi. Bu qalin kiyim ularni qishda qahratondan, yozda esa issiqdan saqlar ekan. Qanday deysizmi, jaziramada uni kiyib bir terlagan odam salqingina yurar ekan.

Cho‘ponning baxti nedir

Cho‘ponlarning qunalg‘asidan olislay turib, katta shaharlarda internet yarim soatga ishlamasa, TV-kabeli o‘chib qolsa, taksi kechiksa... yuzaga  keladigan betoqatliklar haqida o‘yladim. Inson shularsiz ham yashasa bo‘larkanu, xayolimdan o‘tdi.

Cho‘ponlarning ayollari. Ularning yuzida cheksiz sabot, hayot sinovlari izlarini va shu bilan birga, mag‘rurlik, o‘ziga yarasha baxtiyorlik, cheksiz toqat, kamtarinlik, bardosh namoyon. Ular hecham go‘zallik salonlariga bormaydi, yasama kiprik, tirnoqlar ulamaydi. Dard chekkanda shifokorga murojat etolmaydi, ko‘ngli to‘sab «butik» rastalarini aylana olmaydi. U qo‘y boqadi, non yopadi, kir yuvadi, ovqat pishiradi, mehmon kutadi. Hech qachon hech kimga hech nimadan nolimaydi...

Shu asnoda cho‘ponlarni qumda zar yaratishini, cho‘pon bo‘lish uchun qo‘yning tuyog‘idan qattiq bo‘lishi kerak degan gap nechog‘lik haqiqat ekaniga ishondim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring