Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston COVID-19 ga qarshi kurashish uchun yirik miqdorda qarz oladi

O‘zbekiston COVID-19 ga qarshi kurashish uchun yirik miqdorda qarz oladi

Foto: «Xabar.uz»

Jahon banki O‘zbekistonga COVID-19 ga qarshi kurashish uchun $95 mln ajratadi. Bu haqda Prezidentning 2020-yil 2-iyuldagi PQ-4772-son qarorida so‘z boradi.

Qarz mablag‘lari «O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish» loyihasini (keyingi o‘rinlarda – Loyiha) amalga oshirish uchun 30 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi.

Ular COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish uchun milliy sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun tibbiy buyum, tibbiy texnika va jihozlar sotib olish, karantin tadbirlari amal qilishi davrida kam ta’minlangan oilalar va ishsizlarga vaqtinchalik nafaqalar berish tizimini kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Xalqaro taraqqiyot uyushmasining (keyingi o‘rinlarda — XTU) kreditidan samarali foydalanishni monitoring qilish Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, ma’naviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi XTU kreditidan maqsadli foydalanish hamda loyihani samarali amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi.

Mas’ul ijro etuvchi vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga tegishlicha quyidagilar uchun shaxsiy javobgarlik yuklatildi:

  • Loyiha doirasida xarid qilinadigan uskunalarni o‘rnatish va montaj qilish uchun tibbiyot muassasalarini tayyorlash;
  • Loyiha tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
  • Loyiha doirasida ijtimoiy nafaqalarning maqsadli va manzilli tayinlanishi hamda o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash.

XTU krediti bo‘yicha qarzni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, komission va boshqa xarajatlar bo‘yicha to‘lovlar respublika budjetidan qoplanadi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • «O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish» loyihasining parametrlari;
  • «O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish» loyihasini amalga oshirish doirasida Jahon banki tomonidan ajratiladigan qarzni so‘ndirish hamda qarz bo‘yicha foiz va komissiyalarni to‘lashning prognoz jadvali.

Xalqaro moliya institutlarining qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan respublikaga olib kiriladigan tovarlar (xizmatlar) bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) hamda ular hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (xizmatlar) — QQSdan ozod etiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring