Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

DTM binosi oldida norozi abituriyentlar to‘plangandi. Holat bo‘yicha rasmiy bayonot berildi

DTM binosi oldida norozi abituriyentlar to‘plangandi. Holat bo‘yicha rasmiy bayonot berildi

Joriy yil 5-oktyabr kuni Davlat test markazi binosi oldida abituriyentlar to‘plangani haqida xabarlar berilgan edi. DTM mazkur holat yuzasidan bayonot berdi.

Jamoatchilikka taqdim qilingan ushbu xabarlarda asosan harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlarning mazkur imtiyozi tanlov jarayoniga qo‘llanilmaganlik masalasi ko‘tarilgan.

Ma’lumki, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun alohida qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi va ular ushbu ko‘rsatkichlar doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 468-son qarorining 2-ilovasiga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar toifasi hamda ularning reyestrini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organlar tasdiqlangan.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlarni berish uchun mas’ul vakolatli organlar ham belgilangan.

Mazkur tavsiyanomaga ega abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda o‘zlariga tegishli tavsiyanoma ma’lumotlarini dasturga kiritadilar va ro‘yxatga olish yakunlangandan so‘ng, ularning ma’lumotlari mas’ul vakolatli organga yuboriladi hamda ma’lumotlarning to‘g‘riligi tekshirilib, tasdiqlanadi.

Bunda, abituriyentning pasport ma’lumotlari (shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi) va tavsiyanoma bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlar yuboriladi. Mas’ul vakolatli organlar tomonidan ma’lumotlar to‘g‘riligi faqat tavsiyanoma raqami bilan emas, abituriyentning pasport ma’lumotlari asosida tekshiriladi.

Imtiyozga ega abituriyentlar ma’lumotlari oldingi yillarda xuddi shunday tartibda tekshirilgan.

Joriy yilda ham harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlar ro‘yxati shu tavsiyanomalarni bergan vazirlik va idoralarga yuborilgan. Taqdim etilgan ro‘yxat ular tomonidan tekshirilib, tasdiqlangan holda Davlat test markaziga qaytarilgan. Abituriyentlarga harbiy imtiyozni qo‘llash yoki qo‘llamaslik ana shu tasdiqlangan ro‘yxat asosida amalga oshirilgan.

5 oktyabr kuni murojaat qilgan abituriyentlar guruhiga masala mohiyati bo‘yicha Davlat test markazi mutaxassislari va Mudofaa vazirligining mutasaddi vakillari tomonidan batafsil tushuntirish ishlari olib borildi.

Hozirda harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlar ro‘yxati tegishli vazirlik va idoralar tomonidan qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring