Ehson pullarini mobil o‘yinlarga sarflagan ruhoniy fosh etildi — AQSh

AQShdagi katoliklar cherkovi ruhoniysi 51 yoshli Lourens Kozakning ikki jihati fosh bo‘ldi: birinchisi, mobil telefonda o‘yinlarga mukkasidan ketgan (shaxsiy ishi), ikkinchidan, ana shu o‘yinlarni sotib olishga cherkovning kredit kartasidagi pullarni sarflab yuborgan — bunisini cherkov va jamoatchilik kechirarmikan.
Ruhoniy ota qiziqadigan mobil o‘yinlar — Candy Crush, Mario Kart Tour, Pokemon Go, Cash Frenzy, bundan tashqari, avtomat qurilmalardagi turli o‘yinlar.
Lourens Kozak 2019-yil sentyabridan 2022-yil iyunigacha mobil o‘yinlarga oz emas, ko‘p emas, naq 41 879 dollar sarflab yuborgani aniqlangach, ustidan ish ochildi. Qolaversa o‘zining 10 600 dollarini ham shu maqsadda ishlatib yuborgani mobil o‘yinlarga nechog‘liq qaramligidan dalolat beradi.
Kozak bilan shug‘ullanayotgan tergovchilarning ma’lum qilishicha, Pensilvaniya shtatidagi Pottstaun cherkovi hisobchisi Lourensga tegishli Apple ID identifikatoridan foydalanilib anchagina miqdordagi mablag‘lar tranzaksiya qilinganini 2022-yilda sezib qolgan.
Ruhoniy Amazon tizimidagi akkaunti orqali ham xaridlar qilgan. Ammo uning o‘zi barcha ayblovlarni rad etmoqda, aytishicha, shaxsiy kartasi ham, ehson kartasi ham uning ayfoniga ulangan bo‘lgan.
O‘tgan haftada ruhoniyga ayblov e’lon qilindi. 250 ming dollar kafolat puli to‘langach, uni sudga qadar qo‘yib yuborishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter