Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

YI Markaziy Osiyoda barqaror energiyaga doir 6,8 million yevrolik yangi loyihani ishga tushirdi

YI Markaziy Osiyoda barqaror energiyaga doir 6,8 million yevrolik yangi loyihani ishga tushirdi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 17-noyabr kuni Samarqandda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda energiya muvozanatini rag‘batlantirishga qaratilgan yangi loyihasi – SECCA taqdim etildi, deb xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri. Umumiy budjeti 6,8 million yevro bo‘lgan loyiha YeIning ilg‘or amaliyotiga muvofiq holda mintaqada energiya barqarorligiga ko‘mak berishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha «Global darvoza» konferensiyasiga bag‘ishlangan davra suhbatida taqdim etildi. Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlaridan energetika bo‘yicha milliy idoralar va ekspertlar hamda YeI vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilishicha, «Markaziy Osiyoda barqaror energiya bog‘liqligi» (SECCA) loyihasi barqaror energetika tizimiga o‘tish bo‘yicha milliy siyosatni kuchaytirish, mintaqada qayta tiklanadigan energiya va energiya samaradorligi bo‘yicha investitsiyalar, salohiyat va xabardorlikni oshirishga qaratilgan.

Sir emas, mintaqada iqtisodiy o‘sish va aholi sonining ortishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Ushbu talabni qondirish uchun esa katta investitsiyalar, bozor islohotlari va salohiyatni rivojlantirish talab etiladi.

«Yevropa Yashil bitimi va YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasiga asoslangan yangi loyiha mintaqaning energiya barqarorligini mustahkamlashga hissa qo‘shish, uning iqlim bo‘yicha maqsadlariga erishish, ish o‘rinlari va biznes imkoniyatlarini yaratish uchun quyosh, shamol va gidro elektr energiyasi bo‘yicha mintaqaning salohiyatini oshirish kabi maqsadlarga ko‘zlaydi. Hozirgi vaqtda mintaqaning muhim barqaror energiya salohiyatidan institutsional, moliyaviy, texnik va ijtimoiy to‘siqlar tufayli to‘liq foydalanilmayapti. SECCA loyihasi ushbu to‘siqlarni bartaraf etish va qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va mintaqada energiya samaradorligini oshirishda katalizator bo‘lib xizmat qiladi», deydi YeIning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha direksiyasi rahbari o‘rinbosari Marjeta Jager xonim.

Davra suhbatida loyiha ekspertlari SECCA maqsadlari, rejalashtirilgan tadbirlar va kutilayotgan natijalarni taqdim etdilar.

Eslatib o‘tamiz, 2022-2026-yillarda amalga oshiriladigan ushbu loyiha YeIning atrof-muhit, biologik xilma-xillik, iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, suv va barqaror energiya bo‘yicha 15 ta mintaqaviy tashabbuslari hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan 20 ta ikki tomonlama hamkorlik loyihalarini o‘z ichiga oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring