Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Elchi Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi mushtarak jihatga to‘xtaldi

Elchi Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi mushtarak jihatga to‘xtaldi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Saudiya elchisi Yusuf al-Utaybiy.

Saudiya Arabistoni podshohligining «Nigoh–2030» strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasining 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida tarix sahifalariga yoziladigan maqsad-mo‘ljallar ifodalangan. Bu haqda podshohlikning O‘zbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy Toshkentda o‘tgan anjumanda gapirdi.

Saudiya Arabistoni milliy bayramining 92 yilligi va ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston hukumati nomidan bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev ishtirok etdi.

«Bugun yangi O‘zbekiston o‘zining  jozibador nizomlari va qonunchiligi bilan izchil taraqqiyotga erishayotganini ko‘ryapmiz. Ayni choqda, podshohlikning «Nigoh–2030» strategiyasi asosidagi yutuqlariga shohid bo‘lmoqdamiz. Mamlakatlarimiz kelajagi yorqin va zafarlarga to‘la bo‘lishida Alloh O‘zi qo‘llasin! Birodarlik va oqibat asosida qardoshlarcha aloqalar yo‘lida ikkala mamlakat rahbarlari qilayotgan ishlar tarix sahifalariga yoziladi», – dedi Saudiya elchisi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Diplomat ushbu voqea ikki davlat hamkorligida yangi sahifa ochganini qayd etdi.

«Tashrif davomida erishilgan natijalar uning tarixiyligidan dalolat beradi. Tashrif natijasida hamkorlik ko‘priklari va barcha sohalarni qamrab oladigan rishtalar mustahkamlandi, 14 ta hukumatlararo bitim imzolandi, xususiy sektor vakillari o‘rtasida umumiy qiymati 12 mlrd AQSh dollaridan oshadigan, 45 mlrd saudiya riyoli hajmida kelishuvlarga erishildi. Bularning barchasi tarixiy ildizga borib taqaladigan, bugungi kun bilan boshlangan va kelajakka qaratilgan aloqalar mustahkamligi va teranligini aks ettiradi», – dedi Yusuf al-Utaybiy.

20 fevral kuni O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Avval xabar berganimizdek, shu munosabat bilan mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri saudiyalik hamkasbiga tabrik yo‘llagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring