Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yer taqsimoti va demografiya. Nimalarga e’tibor berish kerak?

Yer taqsimoti va demografiya. Nimalarga e’tibor berish kerak?

Yerga bo‘lgan munosabat, har qarich yerdan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etish, buning uchun yerni haqiqiy egasiga, fidoyi dehqonga berish munosabatlari bugungi kun holatiga juda mos holat, albatta. O‘ylab ko‘radigan bo‘lsa, mamlakatimizda o‘tgan asrning 90-yillari boshida fermerchilik harakati boshlanib, unga tegishli ko‘plab qonunlar va me’yoriy normalar qabul qilindi.

Ayni vaqtda ularning samarasi va kelgusidagi rejalar haqida Andijon viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Farhodbek Nabijonov quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Xabaringiz bor, mamlakatimizda 2005-2008 yillarda yer egaligini ta’minlashga qaratilgan harakatlar natijasida shirkat xo‘jaliklari to‘liq tugatildi. Ular negizida fermer va dehqon xo‘jaliklari tashkil etildi. Natijada yer egaligi borasida bir qancha ijobiy o‘zgarishlar yuz berib, islohot samarasi ko‘zga tashlanmoqda.

Bugungi kunda Andijon viloyatida ham yerdan foydalanuvchilar paxta va g‘alla yetishtirish barobarida, qo‘shimcha boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirmoqda. Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish borasida ijobiy qadamlar tashlandi, yuzlab tadbirkorlar go‘sht, sut, meva, sabzavot yetishtirish va qayta ishlashni joriy etishdi.

Hozirda Andijon viloyatida ham agar tarmoqda klasterlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi hisobiga yangi ishchi o‘rinlari yaratilmoqda. Dehqon o‘zi yetishtirgan xomashyoni o‘zi qayta ishlab, tayyor mahsulot qilib sotmoqda, eng maqtanishga arzigulik tomoni endi tayyor mahsulotni ishlab chiqarib, jahon bozoriga chiqish imkoniyatlari yaratildi.

Ayniqsa, paxtachilik sohasida klaster o‘zi yetishtirgan xomashyoni tolaga va ikkilamchi mahsulotlarga aylantirish, yigirish, to‘qish, tikish kabi jarayonlarni amalga oshirib, qishloqdagi yoshlarni yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlamoqda, bugungi kunda ularni normal ish haqlari bilan ta’minlamoqda.

G‘allachilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va sabzavotchilik tarmoqlarida klasterlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ish o‘rinlarini ko‘paytirishga xizmat qilinayotgani inkor etib bo‘lmas haqiqatdir. Qishloqlarda tegirmonlar, non tayyorlovchi oilaviy kichik korxonalar, muzlatgichlar ko‘payib bormoqda.

So‘nggi 5 yil ichida dehqonlarimiz meva va sabzavot mahsulotlarini erkin eksport qilishiga keng yo‘l ochilib, avvalgi mavjud muammolar bartaraf qilingani insonlarning yerga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi, ularda nafaqat mahsulot yetishtirish, balki uni saqlash, qadoqlash, qayta ishlab jahon bozoriga chiqish imkoniyatlar yaratilgani mehnat unumdorligini oshirishga undadi.

Yana bir haqiqat, qaysi fermer tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish tizimini tashkil etsa, suv quduqlari qazisa, ekin maydonlarini lazerli texnika yordamida tekislasa davlat tomonidan subsidiya mablag‘lari ajratilib, dehqonga madad berilmoqda. Bunday davlat ko‘magi dehqonchilikning boshqa sohalariga ham bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Mamlakatimiz hududida demografik vaziyat xilma-xil ekani, qayerdadir aholi siyrak, yer-suv mo‘lroq, boshqa joyda esa aksincha ekani ham rivojlanish imkoniyatlariga to‘siq bo‘layotgani, bu esa yerni mayda tarzda ommaviy ravishda taqsimlab yuborishni taqazo etadi. Joylarda aholi nufuzining ortishi, yer-suv bilan bog‘liq muammolar, hududlarning tuproq va iqlim sharoitini inobatga olgan holda adolatli taqsimlash asosiy mezon bo‘lib qolmoqda.

Birgina misol, Andijon viloyati hududi Respublika miqyosida bir foizga ham bormaydi, lekin aholi soni 3 million nafardan ortiq, bu esa respublika aholisining 10 foiziga teng demakdir. Haydaladigan ekin yerlari hajmi esa 202 ming gektarni tashkil etmoqda. Aholi jon boshiga taqsimlanganda sal kam 6 sotixni tashkil etadi. Bu esa har sohada omilkorlikni, tajribani, zarur joyda adolat qo‘llashni taqazo etadi.

Asaka, Shahrixon va boshqa bir qator tumanlarda jon boshiga haydaladigan ekin maydonlari hajmi bundan-da kamroq. Shunday qishloqlar borki, u joylarda aholi soni 70-80 mingdan ortiq bo‘lib, haydaladigan yer har bir jon hisobiga 1-2 sotixni tashkil etadi. Hattoki, shunday fermer xo‘jaliklari borki, har bir oilaga 10 sotixdan 30 sotixgacha to‘g‘ri kelishi vaziyatni qanchalik og‘ir ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Ko‘pincha o‘zbeklarning Rossiya va boshqa Yevropa davlatlariga muhojirlik asosida ishga ketayotgani, ularning o‘z vatanidagi mavjud imkoniyatlardan foydalana olmayotgani muhokama qilinadi. Bu haqiqat, albatta. Qolaversa, vodiy, jumladan Andijon aholisi so‘nggi 90 yilda Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro viloyatlariga, shuningdek, Tojikistonning Vaxsh vodiysiga majburan yoki ixtiyoriy asosda ko‘chirilgan.

Aytmoqchimanki, haqiqiy demokratik jamiyat qurish yo‘lida borayotgan ekanmiz, yer-suv borasida so‘z yuritish mas’uliyatini ham yoddan chiqarilmaslik kerak. Bugun bo‘lmasa, ertaga innovatsiya yutuqlari barcha sohalarda bo‘y ko‘rsatadi va albatta bizning diyorimizda ham yer-suvdan foydalanish yaxshilanishi evaziga qalbimizdagi ezgu maqsadlar ro‘yobga chiqadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring