Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Suriya hududiy yaxlitligiga tahdid solayotgan jangari guruhlar nomini ochiqladi

Erdo‘g‘on Suriya hududiy yaxlitligiga tahdid solayotgan jangari guruhlar nomini ochiqladi

Foto: AA

PKK, PYD va YPG guruhlari Suriyaning hududiy yaxlitligiga tahdid solmoqda. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on seshanba kuni Tehron shahrida Eron va Rossiya rahbarlari bilan uch tomonlama uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«PKK, PYD va YPG kabi terrorchi guruhlar barchamizga muammo tug‘dirmoqda. Bu o‘rinda mazkur terror tashkilotlari Suriyaning hududiy yaxlitligiga tahdid solayotganini ta’kidlashni istardim», – dedi Turkiya rahbari.

Uch tomonlama muzokaralarda Shom o‘lkasidagi jangari to‘dalarga qarshi kurash asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.

«Turkiya terror tashkilotlari o‘rtasida farqlanish bo‘lishiga qarshi. Shunga ko‘ra, biz jangari guruhlarga qarshi, ularni kim qo‘llab-quvvatlashidan qat’i nazar, kurashni qat’iy davom ettiramiz», – dedi Erdo‘g‘on.

Siyosatdon, ayni choqda, Suriyadagi millionlab aholi boshpanasiz qolganiga ham e’tibor qaratgan.

«Biz Suriyada odamlar chodir-chaylalarda, nobop sharoitda kun ko‘rib kelayotganini unutmasligimiz kerak. Maqsadimiz – suriyalik birodarlarimiz, opa-singillarimiz uylariga sog‘-omon qaytsin, munosib hayot kechirsin», – dedi u.

Erdo‘g‘on Suriyaning terrorchilar o‘chog‘iga aylangan hududlari, xususan, Furot daryosining sharqiy qismini tozalash vaqti kelganini ham ma’lum qilgan.

Turkiya qariyb 40 yildan buyon terror balosiga qarshi kurashib kelmoqda. Ashaddiy terror guruhi sanalgan PKK (Kurdiston ishchi partiyasi) mamlakatda va xorijda yuzlab begunoh inson hayotiga zomin bo‘lgan.

Boshboshdoqlik hukm surayotgan Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh kattagina hududini PYD (Demokratik ittifoq partiyasi), YPG (Xalq mudofaasi otryadlari) egallagan. Turkiya rahbariyati PKK tashkilotining qo‘sh qanoti sanalgan mazkur ikki guruhni mamlakat xavfsizligiga asosiy tahdid deb biladi.

Anqara rasmiylariga ko‘ra, PYD va YPG Turkiyaga hujum qilish bilan cheklanmay, Suriyaning shimoliy hududlaridagi ko‘p sonli tinch aholi o‘limiga olib kelgan teraktlarni amalga oshirgan.

Hozirga qadar Turkiya qurolli kuchlari Suriya hududida terror guruhariga qarshi bir necha harbiy amaliyot o‘tkazgan.

2016-yil 24-avgustdan 2017-yil 29-martga qadar davom etgan «Furot qalqoni» (Fırat Kalkanı) amaliyotidan so‘ng Halab muzofotidagi bir necha ming chaqirim hudud jangarilaridan tozalangan.

2018-yil 20-yanvarda boshlangan «Zaytun novdasi» (Zeytin Dalı Harekâtı) amaliyoti ham turk harbiylari g‘alabasi bilan yakunlangan. Xususan, Afrin shahridan jangarilar siqib chiqarilgan va xavfsiz hudud tashkil etish yo‘lida navbatdagi qadam tashlangan.

2019-yil 9-oktyabr kuni boshlangan harbiy amaliyot esa «Tinchlik bulog‘i» (Barış Pınarı Harekatı) deb atalgan. Rasmiy Anqaraga ko‘ra, Turkiya qo‘shini BMT Xavfsizlik kengashining terrorizmga qarshi to‘g‘ridagi rezolyusiyasi hamda BMT nizomining 51-moddasiga tayanib harakat qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring