Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik taklif qildi

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik taklif qildi

V.Norov va D.Reynders.

Foto: Twitter/Didier Reynders

6-sentyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Bryusselda Yevropa Ittifoqining adliya masalalari bo‘yicha komissari Dide Reynders bilan uchrashdi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda o‘zaro  hamkorlik, jumladan, qonun ustuvorligi sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Dide Reynders ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida V.Norov bilan uchrashuvda mustahkam demokratik institutlarni barpo etish masalasiga alohida e’tibor qaratilganini ma’lum qilgan.

Adliya masalalari bo‘yicha yevrokomissarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, konstitutsiyaviy islohotlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, Konstitutsiyaga «Inson – jamiyat – davlat» tamoyilini nazarda tutuvchi, o‘lim jazosini taqiqlovchi, «Miranda qoidasi» va «Habeas corpus» institutiga doir o‘zgartirishlar kiritilayotgani qayd etildi.

O‘z navbatida, Yevropa tomoni O‘zbekistondagi keng islohotlar dasturini amalga oshirishda ko‘mak ko‘rsatish, xususan, qonun ustuvorligi sohasida qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishda hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Ta’kidlanishicha, YeI O‘zbekistonning demokratik institutlar faoliyatini mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, so‘z va din erkinligini ta’minlashga xayrixohligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi rahbari Bryusselga safari davomida YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel bilan ham uchrashdi.

Joriy yil 6-iyulda YeI va O‘zbekiston o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan edi.

YeI va O‘zbekiston bosh diplomatlari uchrashuvida mazkur hujjat o‘zaro robitalarni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi. J.Borrel joriy yil 17-18 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YeI–Markaziy Osiyo vazirlar uchrashuvi, shuningdek, «YeI–Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liqlik: Barqaror rivojlanish uchun global darvoza» anjumanida ishtirokini tasdiqladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring