Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 1 milliard yevro moliyaviy ko‘mak ajratdi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 1 milliard yevro moliyaviy ko‘mak ajratdi

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga navbatdagi moliyaviy ko‘makni ajratdi. 1 milliard yevro miqdoridagi makromoliyaviy ko‘mak Yevropa komissiyasi tomonidan 1-2 avgust kunlari ikki transhda o‘tkazilgan.

Qayd etish joizki, mazkur mablag‘ YeI tomonidan ajralishi ko‘zda tutilgan 9 milliard yevroli makromoliyaviy ko‘makning dastlabki qismi sanaladi.

Uzoq muddatli, imtiyozli shartlardagi kredit ko‘rinishida ajratilgan mablag‘ Rossiya bosqiniga uchragan mamlakatning makroiqtisodiy barqarorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida sarflanishi ko‘zda tutilgan.

«Ukrainaga yordam berish borasida sobitmiz. Biz kelgusida ham Rossiya bosqini oqibatida yuzaga kelgan mashaqqat va musibatlarni yengib o‘tishda Ukraina xalqiga siyosiy, moliyaviy va harbiy vositalar bilan ko‘mak ko‘rsatishda davom etamiz. Zero, Ukraina o‘z suvereniteti va mavjudlik huquqini qat’iyat ila, munosib himoya qilmoqda. YeI Ukrainani bu sharoitda yolg‘iz qoldirmaydi», – deydi YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.

YeI birdamlik ramzi sifatida bosqinchi davlat hujumiga nishon bo‘lgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun yilning birinchi yarmida 1,2 milliard yevro ko‘mak bergan edi. Shu tariqa hozirga qadar Bryussel tomonidan ko‘rsatilgan moliyaviy madad miqdori 2,2 milliard yevroga yetdi. YeI, bundan tashqari, gumanitar ko‘mak, taraqqiyot va mudofaaga yordam, bojxona imtiyozlari joriy etish orqali ham Ukraina xalqini dastaklab kelmoqda. Masalan, joriy yil may oyida Yevropa kengashi Ukrainadan mollarni import bojisiz kiritish imkonini beruvchi qarorni qabul qilgan.

Mart oyida esa YeI «zulmatli davrda ukrain xonadonlariga yorug‘lik va iliqlik olib kirish uchun» mamlakatni o‘z elektr tarmog‘iga ulagan edi.

So‘nggi yillarda YeI Ukrainaga qonun ustuvorligini ta’minlash, sud tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va boshqa yo‘nalishlarda moliyaviy ko‘mak ajratib kelmoqda. 2014 yildan buyon YeI hamda Yevropa moliya tuzilmalari tomonidan ajratilgan grant va kreditlar miqdori 17 milliard yevroni tashkil etadi.

Avvalroq Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ham YeI suveren Ukrainaga yelkadosh va ko‘makdosh bo‘lishini ta’kidlagan edi. 

YeI rahbariyatining Ukrainani Yevropa oilasida ko‘rishga xayrixohligi ham ma’naviy rag‘bat o‘laroq baholanmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring