Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga yana 5 milliard yevro ko‘mak ajratdi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga yana 5 milliard yevro ko‘mak ajratdi

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi kengashi Ukrainaga yana 5 milliard yevro moliyaviy ko‘mak ajratishga qaror qildi. Bu – 9 milliard yevrolik ko‘makning bir qismi hisoblanadi.

YeI mamlakatlari moliya vazirlari 9 sentyabr kuni Kiyevga moddiy ko‘mak ko‘rsatishga kelishib olgan edi. Makromoliyaviy ko‘mak shartlari istisno tariqasida tezkor tartibda ko‘rib chiqilgan.

5 milliard yevro mablag‘ Ukrainaning makromoliyaviy barqarorligini mustahkamlash maqsadida sarflanadi. Shu tariqa mamlakatning moliyaviy majburiyatlarini bajarish, davlat qarzlarini uzish qobiliyati oshiriladi. Ko‘mak mablag‘i imtiyozli tartibdagi uzoq muddatli kredit shaklida ajratiladi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil avgust oyida ham YeI Ukrainaga 1 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy ko‘mak ko‘rsatgan edi.

YeI, bundan tashqari, gumanitar ko‘mak, taraqqiyot va mudofaaga yordam, bojxona imtiyozlari orqali ham Ukraina xalqini dastaklab kelmoqda.

Bryussel uchinchi bosqichda Kiyevga yana 3 milliard yevro miqdorida ko‘mak ajratishi kutilmoqda.

O‘tgan hafta, 15 sentyabr kuni Kiyevga tashrif buyurgan Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Ukrainaga qancha zarur bo‘lsa, shuncha vaqt ko‘mak ko‘rsatilishini ta’kidlagan edi. Urush boshlanganidan buyon Ukrainaga uchinchi marta safar qilgan Yevrokomissiya rahbari qurol-aslaha borasidagi ko‘mak davom ettirilishiga ham va’da bergan.

Joriy yil 28 fevral kuni prezident Vladimir Zelenskiy YeI rahbariyatiga murojaat qilib, Ukrainani «Yevropa uyi»ga maxsus tartibga ko‘ra tezroq qabul qilishni so‘ragandi. «Biz Ukrainani Yevropa oilasida ko‘rishni istaymiz», – degan edi Yevrokomissiya rahbari Euronews telekanaliga bergan intervyusida.

Kiyevga so‘nggi tashrif paytida ham Ursula fon der Lyayen Ukraina YeIga a’zo bo‘lish yo‘lida tezkor va qat’iy harakat qilayotganini e’tirof etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring