Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farg‘onadan So‘x tumaniga havo qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Farg‘onadan So‘x tumaniga havo qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «2020-2021-yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekkani xabari berilgandi.

Anklav hudud bo‘lgan So‘x tumaniga havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish masalasi ham qarordan o‘rin olgan. Unga ko‘ra, davlat rahbari tomonidan Tashqi ishlar vazirligiga Mudofaa vazirligi bilan birgalikda Qirg‘iziston Respublikasi havo hududidan foydalanish masalasini hal etish vazifasi topshirildi.

Qo‘shni respublika bilan havo hududidan foydalanish masalasi to‘liq hal etilganidan keyin bir hafta muddatda Farg‘ona shahridan So‘x tumaniga kichik aviatsiya transporti orqali aholiga maqbul narxlarda qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Farg‘ona viloyati hokimligi zimmasiga esa bir oy muddatda So‘x tumanida samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchalarini tashkil qilish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur qarorga ko‘ra, Farg‘ona shahridan So‘x tumaniga kichik aviatsiya transporti qatnovi bo‘yicha ko‘rilgan zararlarni qoplash uchun kompensatsiya to‘lovlari joriy yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan qoplanadi, kelgusi yillarda davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

Bundan tashqari,  Farg‘ona viloyati hokimligiga So‘x tumani aholisi uchun viloyatning Yozyovon, Qo‘shtepa, Bag‘dod, Rishton va Buvayda tumanlari hududida dehqonchilik qilish uchun ekin yer maydoni va ipoteka kreditlari asosida kvartiralar ajratish vazifasi ham topshirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring