Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fattoh Shodiyev fondi Toshkentda yirik turnir o‘tkazadi

Fattoh Shodiyev fondi Toshkentda yirik turnir o‘tkazadi

10-11-avgust kunlari Toshkent shahrida Shodiyev Xalqaro fondi tomonidan tashkil etilayotgan Intellektual o‘yinlar bo‘yicha III Yevroosiyo kubogi bo‘lib o‘tadi.

Festival doirasida mashhur «Nima? Qayerda? Qachon?» («Chto? Gde? Kogda?») o‘yinining sport talqini bo‘yicha bellashuv, «Svoya igra» individual turniri va ommalashib borayotgan «Hamsa» jamoaviy viktorinasi o‘tkaziladi.

Mazkur keng ko‘lamdagi tadbir O‘zbekistonda ilk marotaba tashkil etilmoqda. Turnir doirasida Toshkentga Maksim Potashyov  («Nima? Qayerda? Qachon?» televizion klubining magistri), Aleksandr Rubin («Billur ukki» sovrinining ikki karra sohibi, Nima? Qayerda? Qachon?» Xalqaro klublar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti), Aleksandr Korobeynikov («Nima? Qayerda? Qachon?» o‘yin bo‘yicha jahon chempioni) kabi ko‘plab dunyoning taniqli bilimdonlari tashrif buyuradi.

Turnirga shuningdek, aqliy o‘yinlarning yosh ixlosmandlari ham tashrif buyurib, professional bilimdonlar bilan tanishish va mahorat darslarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishadi.

Tadbirda O‘zbekiston jamoalari bilan bir qatorda dunyoning turli burchaklari, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Germaniya, Latviya va boshqa davlatlardan jamoalar ishtirok etilishi kutilmoqda.

Joriy yilda 25ta kuchli jamoa birinchilik uchun o‘zaro bellashadi. Turnir so‘ngida Intellektual o‘yinlar bo‘yicha Bakuda o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etishga muvaffaq bo‘la oladigan mintaqaning eng kuchli bilimdonlari aniqlanadi.

«Nima? Qayerda? Qachon?»ning sport talqini televizion o‘yindan biroz farq qiladi: unda bir vaqtning o‘zida bir necha jamoa birgalikda o‘ynaydi, javoblar esa yozma shaklda topshiriladi.

Turnir doirasida bilimdonlarga 72ta savollar yo‘llanadi va eng ko‘p to‘g‘ri javoblarni topgan jamoa g‘olibga aylanadi.

Turnir tashkilotchisi, Shodiyev Xalqaro fondi – nodavlat xayriya tashkiloti bo‘lib, unga O‘zbekistonda tavallud topgan Fattoh Shodiyev tomonidan 1996 yilda asos solingan.

Dastavval talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan fond o‘tgan 23 yil ichida Yevroosiyoda ilm-fan, san’at, ta’lim, innovatsiya va xayriya faoliyatini rivojlantirish hamda targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan xalqaro markazga aylandi.

Joriy yilda ham fond o‘zbekistonlik bilimdonlar ligasi – «O‘z-liga» uchun butun dunyodan mehmonlarni qarshi olishdek sharafni taqdim etuvchi mana shunday keng ko‘lamdagi intellektual tadbir tashkil etmoqda.

Turnirga tashrif buyurishni istaganlar sevimli jamoalarini qo‘llab-quvvatlashi yoki mashhur bilimdonlar bilan tanishishlari va Intellektual o‘yinlar bo‘yicha III Yevroosiyo kubogi jarayonini bevosita jonli kuzatishlari mumkin.

10-avgust soat 10:00da ishtirokchilar hamda mehmonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish yakunlanadi va turnirning tantanali ochilish marosimi boshlanadi. Tadbir Toshkentdagi «Wyndham Hotel Tashkent»  mehmonxonasida ikki kun – 2019-yilning 10-11-avgust sanasida o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring