Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Firibgarlar uchun oson o‘lja bo‘lmang – feyk xabarlarni qanday aniqlash mumkin?

Firibgarlar uchun oson o‘lja bo‘lmang – feyk xabarlarni qanday aniqlash mumkin?

Deyarli har hafta telegram yoki instagramdan «Siz faloncha pul yutib oldingiz», «Sizga pul tarqatilyapti, karta ma’lumotlaringizni kiriting» kabi xabarlar keladi. Yoki noma’lum raqamdan o‘zini bank xodimi deb tanishtirgan yigit-qizlar telefonimga keladigan to‘rtta xonali kodni aytvorishimni so‘rashadi. «Nega?» degan savolimga, goh xavfsizlik uchun deyishsa, goh yangi xizmatni ulamoqchiliklarini aytishadi. Yaxshiki, bu borada biroz bilimim bor – qandaydir xizmat ko‘rsatish uchun hech qaysi bankka sizning na karta raqamlaringiz, na maxfiy kodingiz kerak bo‘ladi. Shunday bo‘lgach, bu ochiqchasiga firibgarlik ekanini bilib, indamay qizil tugmani bosaman. Ammo afsuski, oramizda ularning tuzog‘iga tushib qolayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Masalan, qo‘shnimiz Abdusattor aka, kecha ishdan kelayotsam, boshini changallab o‘tiribdi. Salom berib, hol-ahvol so‘rasam, oyligi kartasiga tushishi bilan qayoqqadir yo‘qolib qolganini aytdi. So‘rab bilsam, bir-ikki kun avval telegramda tanishi yuborgan havola(link)ga kirgan ekan. «Soso sola yubileyi sabab, pul tarqatilyapti, besh yuz ming oling, deyilganmidi», desam, «Sen qayerdan bilasan?!», dedi hovliqib, xuddi men pulini hozir topib beradigandek. Yig‘lashniyam, kulishniyam bilmay qoldim bechora qo‘shnimning ahvolini ko‘rib. «Mengayam kelgandi, kirmagandim, tekin pishloq qopqonda bo‘ladi, aka, militsiyaga boring», deb uyga kirib ketdim. Ichimda bir achinaman unga, bir «shunaqayam sodda bo‘ladimi kishi, jazosini tortsa, keyingi safar har kelgan ma’lumotga ishonavermay, tekshirib ko‘radigan bo‘ladi» deyman.

Chindan ham bizda ma’lumotlarni filtirlash, tekshirib ko‘rish degan tushuncha juda kam tarqalgan. Qo‘limizda so‘nggi rusumdagi telefonni aylantirib yurishga oshuftamiz-u, lekin unga keladigan xabarlarni saralash haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz ba’zan. Xolbuki, internet jurnalistika rivojlangan sari jahon tajribasida «faktcheking» tushunchasi keng yoyilib boryapti. Chunki ijtimoiy tarmoqlar, internetning keng yoyilishi, nafaqat oddiy foydalanuvchilarga, balki firibgar, jinoyatchilarga ham qo‘l kelyapti. Sababi internet tarmoqlarida, turli saytlar, kanallarda har qanday yolg‘on, soxta xabarlarni tarqatish juda oson. Ayniqsa, bu moddiy mablag‘ yoki taniqli shaxslar bilan bog‘liq bo‘lsa.

O‘zbekistonda ham so‘nggi vaqtlarda ayni shu ko‘rinishdagi firibgarlik tez-tez uchrayapti. Misol uchun, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Yediniy Portal - pomoщ roditelyam v Avguste» nomida sahifa yaratilib, unda Prezident nomidan har bir fuqaroga 500 000 so‘mdan pul tarqatilayotgani, buning uchun plastik karta raqamini yuborish kerakligi aytilgan.

Firibgarlikning boshqa bir turi bu – taniqli, rasmiy shaxslar nomidan sayt ochib, pul tarqatilishi va buning uchun faqat havolani ulashib, kartangiz raqamlarini qoldirishingiz kerakligi haqida yoziladi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning birinchi xonimi nomidan tarqatilayotgan ayni xabar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Yoki boshqa xabarlarda O‘zbekiston Prezidenti farmoniga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan fuqarolarga 650 000 so‘mdan, 1 iyun kuni munosabati bilan bolalarga 200 000 so‘mdan pul tarqatilayotgani yozilgan.

Bu kabi feyk e’lonlarning barchasi tuzoqqa tushgan odamlarning kartasidan pul yechib olish maqsadidagina qilinadi. Ammo ular mamlakat Prezidenti nomidan tarqatilayotgani bois ayrim fuqarolar, ayniqsa, internetdan odatda faqat telegram, instagram yoki feysbuk, odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadiganlar tuzoqqa tushib, pullaridan ayrilib qolishmoqda. Bu kabi holatlarga tushmaslik, Davlat rahbari nomidan tarqalayotgan xabarlarning to‘g‘ri yoki feyk ekanini qanday aniqlash mumkin? Buning uchun sizga kelayotgan xabarlarni biroz tahlil qilib ko‘rishning o‘zi yetarli, nazarimizda.

Birinchidan, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarga a’zo bo‘lib olish eng ishonchli yo‘l. Mamlakat Prezidentining, uning matbuot kotibi yoki rasmiy saytlarning barchasida kichik ko‘k «ptichka» – ishonchlilik, haqiqiylik belgisi bor. Bu belgi ayni kanal rasmiy ekani, shu va shu kabi nomda ochilgan boshqa kanallarning feyk, yolg‘on ekanini bildiradi.

Ikkinchidan, sizga kelgan xabarda «pul mukofoti yutib olish» yoki «mablag‘ tarqatilyapti» kabi so‘zlar bo‘lsa, bu haqidagi xabarlarni rasmiy saytlardan qidirib ko‘ring. Ungacha havolaga kirmang va o‘zingiz haqingizdagi har qanday shaxsiy ma’lumotlarni kiritmang. Chunki yuqorida aytilganidek, sizga chindan ham rasmiy tarzda pul mablag‘i ajratiladigan bo‘lsa, bankka karta ma’lumotlaringiz kerak bo‘lmaydi. Bu hokimiyat vakillari, mahalla raislari, yordamchilari orqali amalga oshiriladi va xabar rasmiy saytlarda e’lon qilinadi.

Uchinchidan, xabar uslubiga e’tibor bering. Unutmang, rasmiy manbalarda imlo xatolari, turli stikerlar bilan yozilmaydi.

To‘rtinchidan, feyk xabarlarda odatda pullarning berib borilayotgani haqida hisobotlar, olganlarning minnatdorchiliklari yozilgan skriinlari yoki rasmlari bo‘ladi. Esda saqlang, bu kabi holatlar ham firibgarlik, yolg‘on xabar ekanining bir belgisi.

Xulosa qilib aytganda, biror rasmiy shaxs, kompaniya nomidan kelayotgan xabarda pul haqida ochiqdan-ochiq sizni jalb qiluvchi so‘zlar, pullarning rasmi yoki kimgadir havolani yuborish, karta raqami so‘rash kabi so‘zlar yozilgan bo‘lsa, sergak tortishimiz kerak.

Dunyo tajribasida bugungi kunga kelib, feyk xabarlardan nafaqat pul ishlash, firibgarlik, balki millatlararo nizolar keltirib chiqarish, rasmiy shaxslarni obro‘sizlantirish, xalq ichida turli mavzularda vahima paydo qilib, narx-navoni oshirish, qalbaki yoki sifatsiz mahsulotni sotish kabi maqsadlarda foydalanishmoqda. Bu kabi holatlarga aldanmaslik, tinchlik va farovonlikni buzishga, yolg‘on xabarlarni tarqatishga bevosita aloqador bo‘lib qolmaslik uchun ham bizga kelayotgan xabar, ma’lumotlarni filtrlash, tahlil qilishni o‘rganishimiz zaruratga aylanyapti. Zero, bu kabi yolg‘on xabarlar zanjir kabi. Agar bu zanjir sizga kelib uzilsa, ya’ni sizdan keyin boshqaga tarqalmasa, ma’lumotlaringizni olishmasa, jinoyatchi-firibgarlar shunchaki hech narsa qila olishmaydi. Biz esa o‘zimizni, yaqinlarimizni va xatto yurtimizni yolg‘onlardan himoya qilgan bo‘lamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring