Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibi yanada takomillashtiriladi
Davlat soliq qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-sentyabrdagi «Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori doirasida amalga oshirilishi belgilangan vazifalarga bag‘ishlangan videokonferensiya tashkil etildi.
Tadbirda ishtirok etgan Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Musayev fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari imkoniyatlari va respublikamizdagi holat bo‘yicha ma’ruza qildi.
«Mazkur turdagi nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish bo‘yicha amaliyotni takomillashtirgan holda iyulgacha Toshkent shahri va viloyat markazlaridagi, dekabr oyigacha yurtimizdagi barcha tadbirkorlik muassasalari fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalaridan foydalanishini yo‘lga qo‘yamiz», — dedi u.
Fiskal xotirali onlayn nazorat-kassa mashinalarining joriy qilinishi savdo qoidalariga rioya etilishini tartibga solish bilan birga soliq nazorati jarayonini avtomatlashtirish imkonini beradi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar summasini kamaytirish, naqd pul tushumini yashirish maqsadida xaridorlarga nazorat-kassa mashinasi chekini bermaslik, nazorat-kassa mashinasini nosoz holatga keltirish, fiskal xotiradagi ma’lumotlarni qasddan o‘zgartirish, nazorat-kassa mashinalarini yo‘qotish orqali amalga oshirilgan tovar aylanmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar soxtalashtirilishining oldini oladi.
Bu turdagi nazorat-kassa mashinalarining cheklarida xarid qilingan mahsulot ro‘yxati, narxi, soni, chek va kassa apparati raqami va boshqa ma’lumotlar aks ettiriladi hamda QR-kod (inglizcha «Quick Response Code») yordamida qog‘oz chekidagi ma’lumotlarni elektron ma’lumotlar bilan solishtirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Tadbir davomida texnik xizmat ko‘rsatish markazlari va mahalliy nazorat-kassa mashinalari ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda onlayn nazorat-kassa mashinalarining imkoniyatlari ko‘rgazmali vositalar yordamida namoyish etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter