Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Gender tenglik: ehtiyojmi yoki hashamat?

Gender tenglik: ehtiyojmi yoki hashamat?

Foto: «korrespondent.net»

Yaqinda Senat «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunni ma’qulladi. Xalq orasida «gender tenglik qonuni» deyilayotgan ushbu muhim hujjat borasida quyida ayrim mulohazalarni bayon etamiz.

Qonunga ehtiyoj bor edimi?

Konstitutsiyada xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa, yana alohida qonun qabul qilishga ehtiyoj bor edimi?

Albatta, bor edi. Birinchidan, Konstitutsiyada juda ko‘plab huquqlar tilga olingan, lekin ularning deyarli barchasi haqida qonunlar bor. Masalan, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, so‘z erkinligi va hokazo.

Konstitutsiya bosh qomus sifatida huquqlarni jamlaydi va kafolatlaydi. Ammo ularni amalga oshirish tizimi va himoyalash mexanizmlarini qonunlarda batafsil bayon etishga doim ehtiyoj bor. Shu ma’noda gender tenglik to‘g‘risidagi Qonun jinslararo teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash, bu boradagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.

Jins bo‘yicha kamsitish nima? Ayollarni armiyaga chaqirmaslik ularning huquqlarini kamsitishmi? Farzandni dunyoga keltirish uchun ta’til berilmasa, erkakning huquqi kamsitilgan sanaladimi? Qaysi hollarda ayollarga imtiyoz berilishi kerak, qaysi holatda erkaklarga? Bu savollarga batafsil javob berish va ushbu munosabatlarni tartibga solish uchun gender tenglik to‘g‘risidagi qonunga ehtiyoj bor edi.

Olaylik bir fuqaro (u ayol yoki erkak bo‘lishi mumkin) ish o‘rnida gender kamsitishga duchor bo‘ldi. Shunda u huquqlarini himoya qilishini so‘rab kimga, qayerga, qaysi organga murojaat qilishi kerak? Kadrlar bo‘limigami? Bu uning vakolatiga kirmaydi. Sudmi? Uzoq va serharajat jarayon.

Endi davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha vakolatli mansabdor shaxs belgilanmoqda. Vakolatli shaxsning majburiyatlarini bajarish davlat organi rahbarining o‘rinbosarlaridan birining zimmasiga yuklatiladi.

Demak, gender tenglik masalasiga korxona va tashkilotning o‘zida munosabat bildirish va vaziyatni o‘nglash mexanizmi paydo bo‘ldi.

Pozitiv diskriminatsiya nima?

Gender tenglik mavzusi ko‘tarilganda «pozitiv diskriminatsiya» degan tushuncha ko‘p tilga olinyapti va muhokama qilinmoqda. Bu masala yuzasidan ayrim tushuntirishlarga ehtiyoj borligi ma’lum bo‘lmoqda.

Pozitiv diskriminatsiya – bu kam sonli bo‘lgan guruh yoki qatlamga alohida imkoniyatlar va kvotalar berish degani. U korxonada, ta’limda, ilmda va hokazo sohalarda gender tenglikka erishish uchun qo‘llanadigan usuldir.

Masalan, O‘zbekistonda olima, muhandis, dasturchi, jarroh (va hokazo) ayollar kam. Ushbu sohalarda ayollarning ko‘payishiga esa ehtiyoj mavjud. Shunday sharoitda qizlarni ushbu yo‘nalishlarga ko‘proq jalb qilib o‘qitish, buning uchun ularga alohida shart-sharoitlar yaratish pozitiv diskriminatsiya hisoblanadi.

Qonunda davlat xizmatida gender siyosatini amalga oshirish uchun vaqtinchalik tarzda bir jinsdagi xizmatchilar uchun kvotalash tizimi joriy etilmoqda. Ya’ni har bir davlat korxona va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar vakilligining mutanosibligi ta’minlanguncha vaqtinchalik jins kvotalari belgilanadi. Mutanosiblikka erishilgach, kvotalar bekor qilinishi mumkin.

Kimdir bizga bunday «chala tenglik», «gibrid diskriminatsiya» nega kerak deyishi mumkin. Trampning pozitiv diskriminatsiyaga qarshi qilayotgan ishlarini misol keltirishadi ba’zilar. Boshqa jamiyatlarni bilmadim-ku, ammo an’anaviy o‘zbek jamiyatida pozitiv diskriminatsiyaga katta ehtiyoj mavjud. Chunki ayollarimizning ta’lim olishi, ilm bilan shug‘ullanishi va ijtimoiy faolligini rag‘batlantirishga ehtiyoj katta. Qolaversa, jamiyatimizda ayollar zimmasiga ortilgan maishiy majburiyatlar yuki ham og‘ir.

Masalaning bahosi qancha?

Albatta, ijobiy diskriminatsiyani gapirganda, bozor iqtisodiyoti shartlarini unutmaslik lozim. Ya’ni gender tenglikni yaratamiz deb fuqarolarning huquqlariga ziyon yetkazmaslikni e’tiborda tutish lozim.

Masalan, gender tenglikka erishish, ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularning oyliklari saqlangan holda ish kunlarini bir soatga qisqartirish g‘oyasini olaylik. Bundan ayollar yutadilarmi?

Yutqizadilar. Sababi, endi ish beruvchi ko‘proq erkaklarni ishga olishga harakat qiladi, chunki kam ishlab ko‘p oylik oladigan ishchi unga kerak emas va bu borada u haq. Ayolning o‘sha ishlamagan bir soatini kim to‘laydi? Shu masalani adolatli yechmay turib ayollarga ish vaqtidan imtiyoz berish maqsadga muvofiq emas.

Yoki ayollarga farzand parvarishi bilan mashg‘ul davri uchun to‘lovlarni ish beruvchi zimmasiga yuklar ekanmiz, bu bilan mehnat bozorida ularning qadri tushishi va imkoniyatlari kamayishini, raqobatbardoshligi yanada pasayishini o‘ylashimiz lozim.

Ya’ni gender tenglikni ta’minlash haqida so‘z borar ekan, buning o‘ziga yarasha to‘lovi borligini e’tiborda tutish, budjet taqsimoti va boshqa moliyaviy masalalarni yechish jarayonida buni ham nazardan qochirmaslik lozim. Istaymizmi-yo‘qmi, gender tenglik faqat huquqiy maydonda yechim topadigan masala emasligini tan olishimiz kerak.

Oilaviy munosabatlar va urf-odatlar-chi?

Ko‘pchilik qonunning uzoq yillardan beri shakllanib kelgan va an’anaga aylangan urf-odatlarga zid kelishi, ularning ildiziga bolta urishi va oilaviy munosabatlarga aralashib, ularni izdan chiqarishi to‘g‘risidagi xavotirlarini bayon etmoqdalar. Hatto feminizmning g‘arbga xos salbiy oqibatlarini misol keltirmoqdalar.

Ularni xotirjam qilish uchun ta’kidlash lozimki, Qonun oilaviy munosabatlarga aralashmaydi, hech kimni hech nimaga majburlamaydi yoki mavjud huquqlarni cheklamaydi. Faqat tomonlar uchun yangi huquqlar va imkoniyatlar taqdim etish orqali munosabatlarni muvozanatlash imkonini beradi. Undan foydalanish yo foydalanmaslik, albatta, tomonlarning o‘zlariga havola.

Masalan, farzand dunyoga kelgach beriladigan ta’til borasida Qonunda shunday deyilgan:

«Ham ota, ham ona bola tug‘ilishi munosabati bilan haq to‘lanadigan ta’til olish huquqiga ega. Bolaga qarash bo‘yicha ta’tilning davomiyligi ota-onaning ixtiyoriga ko‘ra ular o‘rtasida taqsimlanishi mumkin, bunda ota-ona ta’tildan qismlarga bo‘lgan holda foydalanishlari mumkin».

Ya’ni ota va ona o‘zaro kelishsalar, farzandga navbatma-navbat qarashlari mumkin. Bu, masalan, sessiya topshirmoqchi bo‘lgan talaba qizlar, xorijga stajirovkaga ketishi lozim bo‘lgan olima ayollar, uzoq vaqt mehnat faoliyatidan uzilishi natijasida malakasini yo‘qotib qo‘yishi mumkin bo‘lgan kasb egalari uchun katta imkoniyat. Agar er-xotin o‘zaro kelishib shunday qarorga kelsalar, Qonun buni qo‘llab-quvvatlaydi va huquqni amalga oshirish imkoniyati bilan ta’minlaydi.

Qonun oilada, jamiyatda turli illatlar, an’ana niqobi ostidagi ojizlarga zulm, ularning huquqini toptash holatlariga qarshi kurashadi.

Biz an’analar bilan yashaydigan xalqmiz. Lekin taraqqiyot istasak, qonunlar bilan ham yashashni boshlashimiz kerak. Urf-odatlar shunchaki urf-odat bo‘lgani uchun emas, inson sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lagani, turmushini qulay qilgani, munosabatlarni uyg‘unlashtirgani bilan qadrli. Ijobiy urf-odat va an’analarni insonni kamsituvchi va tahqirlovchi illatlardan farqlashda o‘rtada faqat bir mezon turadi: inson shaxsi va uning huquqlari. Biz ko‘zi ochiq millat sifatida bu farqni ajratib olishimiz lozim.

Gender tenglik to‘g‘risidagi qonun ijtimoiy-siyosiy sohalarda ayollarning rolini oshirish uchun zamin yaratadi. Hozirda jamiyatimizda «ilg‘or ayol» obrazi tobora xiralashib bormoqda. Butun mamlakat bo‘ylab bironta ayol hokim yo‘q, oliy ta’lim muassasalaridan faqat bittasida ayol kishi rektorlik qilmoqda, ayol vazirlar va vazir o‘rinbosarlari barmoq bilan sanarli, ayol elchilarimiz umuman yo‘q (hatto urushdan endi chiqqan Afg‘onistonning ham xorijda 5 nafar ayol elchisi bor).

Ayolga imkoniyat va vakolat berish, uni faollashtirish jamiyatni yanada rahm-shafqatli, insonparvar va ma’rifatli qiladi. Qonun shu maqsadda qabul qilinmoqda.

Furqat Tojiyev, 
Shahnoza Soatova
Adliya vazirligi mas’ul xodimlari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring