Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Geosiyosiy taranglik sharoitida Ostona–Toshkent ittifoqining ahamiyati oshmoqda – Qozog‘iston diplomati

Geosiyosiy taranglik sharoitida Ostona–Toshkent ittifoqining ahamiyati oshmoqda – Qozog‘iston diplomati

Dunyoda kuzatilayotgan beqaror vaziyat Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda. Bu haqda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Jasulan Iskakov «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda gapirdi.

«Geosiyosiy taranglik kuchayib, global ishlab chiqarish zanjiri va savdo yo‘nalishlari o‘zgarayotgan hozirgi davrda Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlik va siyosiy barqarorlik borasida muhim o‘rin tutmoqda. Bu jarayonda esa Ostona–Toshkent o‘qi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Zero, nafaqat mintaqamiz, balki butun Yevroosiyo va transkontinental formatdagi hamkorlik ular tegrasida shakllanadi», – deydi diplomat. 

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Qozog‘iston tashqi siyosatida hamisha muhim o‘rin tutib kelgan. Buni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning «O‘zbekiston nafaqat yaxshi qo‘shni, muhim hamkor, balki Qozog‘iston umumiy ildizlar va mushtarak taqdirlar orqali bog‘langan birodar davlatdir» degan e’tirofi ham tasdiqlaydi.

«Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2019 yil 14 aprelda prezident sifatidagi ilk davlat tashrifini O‘zbekistonga amalga oshirgani bejiz emas. O‘zbekiston milliy axborot agentligiga bergan intervyusida Q.To‘qayev prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat taraqqiyoti bo‘yicha strategik yondashuvlariga xayrixoh ekani, uning mintaqa va jahondagi vaziyatni teran tushunishini qayd etgan. Darhaqiqat, davlatimiz rahbari O‘zbekiston yetakchisi bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha mushtarak nuqtai nazarda», – deydi J.Iskakov.

2021 yilning 5-6 dekabr kunlari prezident Sh.Mirziyoyev Qozog‘istonga tashrif buyurgan edi.

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakiliga ko‘ra, Sh.Mirziyoyev davlat rahbari sifatida qayta saylanganidan keyin birinchi bo‘lib davlat tashrifi bilan Ostonaga borgani ham teran ramziy ma’noga ega.

Ushbu tashrif davomida prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga imzo chekdi. Hujjatda ikki qardosh xalqning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlari, ko‘p qirrali sheriklik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadi o‘z ifodasini topgan. Tashrif yakunida bojxona, favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish, fazoviy makonni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish sohasiga doir hamda «Markaziy Osiyo» sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar, shuningdek, savdo, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari, sud-ekspertlik faoliyati, mudofaa, bandlik va fan sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha hujjatlar ma’qullandi.

Diplomat J.Iskakovga ko‘ra, Markaziy Osiyo umumiy savdosining 70 foizi Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. 2021 yilda o‘zaro savdo aylanmasi 33 foizga o‘sib,  4,3 mlrd dollarni tashkil qildi. Joriy yilning birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich 2,6 mlrd dollarga yetdi. Shu tariqa o‘tgan yilga nisbatan 27 foiz o‘sish qayd etildi.

«Qozog‘iston (Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan keyin) 8,9 foiz ulush bilan O‘zbekistonning uchinchi tashqi savdo hamkori sanaladi. Davlat rahbarlari hukumatlarga o‘zaro savdo aylanmasini yaqin yillarda 5 mlrd dollarga, o‘rta istiqbolda esa 10 mlrd dollarga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishni topshirgan», – deydi diplomat.

O‘zbekiston va Qozog‘iston BMT, MDH, ShHT, IHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda. Jumladan, 13 oktyabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida tomonlar jiddiy tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, prezident Sh.Mirziyoyev  mintaqaviy iqtisodiyotni global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Prezident Q.To‘qayev esa moliyaviy hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi kabi masalalarni ko‘tardi.

Qayd etilishicha, Ostona va Toshkent ekologiya muammolari, suv manbalari xavfsizligi, Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha ham yaqindan hamkorlik qilmoqda. O‘zaro robitalarda madaniy-gumanitar yo‘nalish ham muhim o‘rin tutadi.

«Qozog‘iston va O‘zbekiston ikki mamlakat xalqining ma’naviy yaqinligini saqlash maqsadida madaniyat, ilm-fan, ta’lim, turizm, axborot sohalarida aloqalarni rivojlantirmoqda. Birodar xalqlarni yanada jipslashtirishda qozoq va o‘zbek jamoasining o‘rni muhim. Shunga ko‘ra mamlakatlarimiz ikki xalq vakillarining ona tili, milliy an’ana, qadriyat va urf-odatlarini saqlash uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda», – deya mulohazalarini davom ettirdi diplomat.

1992 yil 23 noyabr kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladi. Qozog‘istonning yurtimizdagi muvaqqat ishlar vakili Jasulan Iskakovning ma’lum qilishicha, ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlariga doir shartnoma loyihasi tayyorlanmoqda. Ushbu hujjat hamkorlikning huquqiy asosini mustahkamlashi va robitalarni yangi bosqichga ko‘tarishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring