Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

 Germaniya tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga keladi

 Germaniya tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga keladi

Foto: dpa

Germaniya Federativ Respublikasi tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ertaga, 30-oktyabr kuni Qozog‘iston hamda O‘zbekistonga uch kunlik tashrifini boshlaydi. Bu haqda DW olmon tashqi  siyosat mahkamasiga tayanib xabar berdi.

Qozog‘iston poytaxti Ostonada Annalena Berbok hamkasbi Muxtor Tleuberdi bilan muzokara o‘tkazadi.

Toshkentda Germaniya hamda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida uchrashuv tashkil etiladi. Berlin delegatsiyasi olmon-o‘zbek ta’lim markaziga ham tashrif buyuradi. Safar davomida Annalena Berbok Samarqanddagi Germaniya ko‘magida jihozlangan irrigatsiya tizimi bilan tanishadi.  

Germaniya tashqi ishlar vaziriga energetika hamda infratuzilma sohalari bo‘yicha mutaxassislar hamrohlik qiladi.

Berbok xonim Qozog‘iston va O‘zbekiston safaridan «Katta yettilik» davlatlari tashqi ishlar vazirlari anjumaniga yo‘l oladi. Germaniyaning Myunster shahrida o‘tadigan mashvaratda Ukraina–Rossiya urushi, Xitoy hamda Eron bilan munosabatlar kabi dolzarb masalalar qatorida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan muloqotni kengaytirish mavzusi ham muhokama etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 30-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston hamda Germaniya tashqi ishlar vazirlari Abdulaziz Komilov va Hayko Maas uchrashgan. O‘shanda Hayko Maas O‘zbekiston tomoniga Afg‘onistondan Germaniya va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining evakuatsiyasini tashkillashtirishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan.

O‘zbekiston TIVga ko‘ra,  Germaniya bilan aloqalar ko‘p qirrali va an’anaviy ravishda rivojlangan bo‘lib, hamkorlikning ko‘plab sohalarini qamrab oladi. Mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqot oliy va yuqori darajalarda yo‘lga qo‘yilgan, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring