Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gruziyada ommaviy namoyishlar: odamlar nimadan norozi?

Gruziyada ommaviy namoyishlar: odamlar nimadan norozi?

Foto: Reuters

7-mart kuni Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini ko‘targan namoyishchilar parlament tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan «xorijiy agentlar» haqidagi qonunga o‘z noroziligini izhor qilgan.

Mamlakat qonun chiqaruvchi idorasi qarshisida yig‘ilgan bir necha ming aholi va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. Politsiyachilarga «Molotov kokteyli» uloqtirilgani, xavfsizlik kuchlari esa namoyishchilarga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va suv purkagich (vodomyot) qo‘llagani xabar qilingan.

To‘qnashuvlar yarim tunga qadar davom etgan, politsiya namoyishchilarni parlament binosidan siqib chiqargan.

Foto: Reuters

Namoyishlar zo‘ravonlikka aylanib ketganini ma’lum qilgan Gruziya ichki ishlar vazirligi har ikki tomondan jabrlanganlar borligi haqida xabar bergan. O‘nlab namoyishchi hibsga olingan. Muxolifat esa namoyish tinch ruhda ekani haqida bayonot bergan.

Ommaviy namoyishlar mamlakat parlamentida Rossiyaning «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonuniga o‘xshash qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinganidan keyin boshlangan.

«Xalq kuchi» harakati deputatlari tashabbusi bilan tayyorlangan va iqtidordagi «Gruziya orzusi» partiyasi tomonidan dastaklangan qonun loyihasida «xorijiy agentlar» ro‘yxatini tuzish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, yillik daromadining 20 foizdan ziyodi chet eldan moliyalashtirilgan notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari «xorij agenti» deb topiladi. Mazkur ro‘yxatga kiritilgan tashkilotlar yillik moliyaviy deklaratsiya topshirishi talab etiladi. «Xorijiy agentlar»ning davlat xizmatchilaridan axborot olishi ham taqiqlanadi.  Qonunchilik talablarini bajarmagan tashkilot va OAV jarimaga tortiladi. Adliya vazirligi «xorijiy agentlar»ni aniqlash uchun monitoring o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.

Loyiha tashabbuskorlari qonun hujjati liberal demokratiyaga qarshi kurash va G‘arbning Gruziyani urushga tortish maqsadiga javoban ishlab chiqilganini aytgan.

Foto: Shota Kincha/OC Media

Gruziyadagi muxolif siyosatchilar, jurnalistlar va jamoat tashkilotlari vakillari qonun loyihasini tanqid qilib keladi. Ular Rossiya qonunchiligidan ko‘chirilgan bu hujjat hukumatga xush kelmaydigan nodavlat tashkilotlar va OAVni yomonotliq qilish va faoliyatini cheklashga xizmat qilishidan xavotirda.

Ayni paytda AQShda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlab, qonun loyihasiga veto qo‘yishga va’da bergan. U Gruziyaning bosh maqsadi YeIga a’zolik bo‘lishini urg‘ulab, bahsli qonunni qo‘llab-quvvatlayotganlar Konstitutsiyani buzayotganini urg‘ulagan.

«Keragi bo‘lmagan bu qonun tasodifan paydo bo‘lib qolgani yo‘q, u Moskva tomonidan aytib turilgandir. O‘z kelajagini Yevropada ko‘rayotgan Gruziyadan istiqbolini tortib olishlariga yo‘l qo‘yilmaydi», – degan Gruziya tarixidagi ilk ayol prezident.

Ammo tahlilchilar Gruziyada prezident vakolati cheklangani va iqtidordagi partiya davlat rahbari vetosini chetlab o‘tish uchun yetarli ovozga ega ekaniga e’tibor qaratmoqda.

Yevropa komissiyasi vitse-prezideni Jozep Borrel «xorijiy agentlar» haqidagi qonun loyihasi demokratik qadriyatlarga va Tbilisining Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish maqsadiga zid ekani haqida bayonot bergan.  Yevropa bosh diplomatiga ko‘ra, ushbu qonun loyihasi fuqarolik jamiyati va OAV faoliyatiga hamda Gruziya va YeI munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Rasmiy Bryussel Tbilisi demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligini hurmat qilishi lozim deb hisoblaydi.

Human Rights Watch, Amnesty International kabi inson huquqlari tashkilotlari ham Gruziya parlamentini bu qonunni qabul qilmaslikka chaqirgan.

AQSh elchixonasi «Kremldan ilhomlangan holda» tayyorlangan qonun loyihasi Gruziyaning demokratik taraqqiyot yo‘liga muvofiq emasligini ta’kidlagan. Qo‘shma Shtatlar so‘nggi hodisalarni «Gruziya demokratiyasi uchun qora kun» deb atagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring