Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Hamma rahbarlar qulog‘iga quyib olsin: sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q» –Shavkat Mirziyoyev

«Hamma rahbarlar qulog‘iga quyib olsin: sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q» –Shavkat Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda prezident Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida sodir bo‘lgan fojiali holatlarga munosabat bildirdi.

Shuningdek, Hozirgi tergov sifati va xodimlar malakasi talabga javob bermasligi ta’kidlandi.

– Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi! – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Prezident yerga bo‘lgan huquqlar kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qat’iy belgilash zarurligini qayd etdi.

Viloyat, tuman (shahar) hokimlari, barcha sektor rahbarlari o‘z hududlarida ushbu talablarga qat’iy amal qilinishini ta’minlashi shartligi qayd etildi.

– Bir narsani bilinglar – sarmoya kiritayotgan investor birinchi navbatda o‘z huquqlari sud orqali kafolatli himoya qilinishiga e’tibor beradi. Hamma rahbarlar qulog‘iga quyib olsin: sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Sudyaning faoliyatiga to‘sqinlik qilgani va adolatsiz qaror chiqarishga majburlagani uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Ma’lumki, odil sudlovning ajralmas qismi – advokatura, ushbu institutning adolat qaror topishidagi o‘rni beqiyos.

O‘zbekistonda bugun 4 ming atrofida advokat faoliyat ko‘rsatib, 8,5 ming aholiga o‘rtacha bitta shunday mutaxassis to‘g‘ri kelmoqda.

Advokatlarning 43 foizi Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, viloyatlarning 20 ta tumanida birorta ham advokatlik firmasi ro‘yxatdan o‘tmagan.

Advokatlik faoliyatini boshlashi uchun yosh mutaxassislardan 2 yil yuridik staj talab etishni bekor qilish, talabalikdan advokat yordamchisi sifatida amaliyot o‘tash tartibini joriy etish kerakligi ta’kidlandi. Yuridik oliy o‘quv yurtlarida «advokatlik faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlanadigan bo‘ldi.

Davlat tomonidan taqdim etilgan advokatlarni tanlashning ochiq-oshkora tartibi yo‘qligi bois ayrim tergovchilar o‘ziga tanish advokatlarni chaqirib, ayblanuvchiga ta’sir o‘tkazish hollari uchrab turadi. Masalan, Toshkent shahrida davlat tomonidan advokatlarga o‘tgan yili 7 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, ushbu mablag‘ning teng yarmi 20 ta advokatlik firmasiga berilgan (jami 746 ta shunday firma mavjud).

Shu sababli tegishli vazirliklarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini ishga tushirish topshirig‘i berildi. Bu dastlab poytaxtimizda eksperiment tariqasida joriy etiladi.

Shuningdek, o‘ta og‘ir jinoyatda ayblanayotgan shaxslarning ishi bo‘yicha, undan tashqari, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotgan holatlarda ham advokat ishtirokini majburiy etib belgilab qo‘yish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Advokatlik faoliyati jozibadorligini oshirish, bu kasb egalarining himoyasi va kafolatini kuchaytirish bo‘yicha qonun hujjatlari paketini ishlab chiqib, muhokamaga olib chiqiladi.

Sud faoliyatida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bugungi davr talabidir. Joriy yil yakuniga qadar Oliy sudda yagona «Adolat» axborot tizimlari kompleksini ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

Bunda barcha uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratiladi.

Sudlar joriy yilda videokonferensiya aloqa tizimi bilan 100 foiz qamrab olinishi lozimligi ta’kidlandi.

Videoselektor yig‘ilishida navbatdagi muhim masala – korrupsiyaga qarshi kurash borasida islohotlar muhokama qilindi.

Jumladan, 143 ta davlat xizmatlari elektron shaklga o‘tkazilib, 35 ta idorada talab qilinadigan hujjatlar soni va xizmat ko‘rsatish vaqti 2 hissa qisqardi. Budjet xarajatlari, davlat xaridlari, yer, bino va inshootlarni oldi-sotdi qilish jarayonlariga oshkoralik va ochiqlik tamoyillari joriy etildi.

Ma’lumki, kecha, 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etish haqidagi farmonni qabul qildi.

Agentlik tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga quyidagi vazifalarni amalga oshiradi.

Birinchidan, barcha viloyat, tuman (shahar) hokimlari o‘z hududlarida, tarmoq rahbarlari o‘z tizimlarida Agentlik bilan birga bir oy muddatda Korrupsiyadan holi dasturini ishlab chiqadi. Bunda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash hamda sohalarni raqamlashtirish eng asosiy vazifa bo‘ladi.

Ikkinchidan, korrupsiyaning oldini olishda ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, Agentlik korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holatini tahlil qilib, har yili Prezident va Oliy Majlis palatalariga milliy hisobot kiritib boradi.

Shuningdek, Agentlik keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birga aholi va tadbirkorlarning korrupsiyaga munosabatini o‘rganib borishi va davlat idoralari faoliyatini baholab borishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Uchinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishda kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor beriladi. Buning uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universitetida korrupsiya muammolarini o‘rganish bo‘yicha alohida o‘quv moduli, maxsus kafedra va magistratura mutaxassisligi ochiladi. Shuningdek, rahbar xodimlar, ayniqsa, hokimlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Mutasaddilar yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring