Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

IIV matbuot kotibi yana «qovun tushirdimi»?

IIV matbuot kotibi yana «qovun tushirdimi»?

Joriy yilning 8-iyuniga o‘tar kechasi Toshkentda yigit va qiz ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklangani haqidagi xabar ortidan IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov bayonot bergandi.

Polkovnik G‘iyosov o‘z odaticha holatni rad etib, vaziyatni xaspo‘shlar ekan, yigit va qiz «boshidanoq o‘zini noo‘rin tutgani», «ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlariga faol qarshilik ko‘rsatgani»ga urg‘u beradi. Bundan tashqari, voqelikni yoritayotgan ayrim nashrlar holatni biryoqlama talqin qilayotgani, natijada internetda millatchilik ruhidagi mulohazalar tarqalayotganini ham iddao qilgandi.

Hissiyotli bayonotlari bilan ommaviy axborot vositalari xodimlarining ensasini qotirishi orqali tilga tushgan Sh.G‘iyosov bu safar ham biroz shoshgan ko‘rinadi.

Gap shundaki, mulozim yigit va qiz IIB xodimlari tomonidan kaltaklanganini rad qilganiga ters o‘laroq, ularga nisbatan poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasi tomonida Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni ma’lumotni tuman prokuraturasidagi manbamiz tasdiqladi.

Jinoyat kodeksining qayd etilgan moddasiga ko‘ra, davlat organi mansabdori vakolati doirasidan chetga chiqib, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazganini anglatadi.

IIV matbuot kotibi jurnalist va blogerlardan ichki ishlar organlari xodimlarining noqonuniy ishlariga oid ko‘plab holatlar yuzasidan bayonot berarkan, mudom voqelikni bir tomonlama talqin etmaslikni talab ohangida so‘rab, noto‘g‘ri axborot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjudligini takror va takror eslatishdan charchamaydi.

Ushbu misoldan kelib chiqilsa, G‘iyosovning o‘zi ham ayni me’yorlarga rioya etishi kerakligi ayon bo‘lmoqda. Mana, u rad etgan holat amalda isbotini topib turibdi.

Ichki ishlar tizimining bunday yolg‘on xabar tarqatishi birinchisi emas. Xabar.uz tomonidan e’lon qilingan bolalar haqidagi maqolada Oloy bozorida tilanchilik qilayotgan ona-bola taqdiri yoritilgandi. Toshkent shahar IIBB va boshqa mutasaddilar feyk xabar tarqatib, ularga yordam berilgani, ishga joylashtirib, propiskasi hal qilingani aytilgandi. Amalda esa ona-bola Oloy bozoridan Qo‘yliq bozoriga quvg‘in qilingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring