Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV & OAV: ijtimoiy adolat qani?

IIV & OAV: ijtimoiy adolat qani?

Foto: Human.uz

Huquqshunos Abdumalik Abdullayev jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilgan Ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan faqat intizomiy jazo qo‘llanilishi amaliyotini «ijtimoiy adolatsizlik» deb baholadi.

Xabaringiz bor, yaqinda «Human.uz» veb-nashri muxbirlari jurnalistlik faoliyatini olib borish chog‘ida Toshkent tumanida va Guliston shahrida ichki ishlar organlari xodimlarining qarshiligi va bosimiga uchragan edi.

Ko‘p o‘tmay Bosh prokuratura matbuot xizmati ikkala holatda ham tegishli hududiy IIO tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani va aybdorlar intizomiy jazoga tortilishini  ma’lum qildi (biroq aybdorlarga nisbatan qanday itizomiy jazo qo‘llanilgani haqida ma’lumot yo‘q, IIV axborot markazi jim).

Abdumalik Abdullayev ushbu voqeaga munosabat bildirarkan, agarda ayni xatti-harakat OAV vakili tomonidan ichki ishlar xodimiga nisbatan sodir etilganida bu ishning huquqiy oqibati tamom boshqacha bo‘lishi mumkinligini aytadi (farg‘onalik jurnalistning qismati bunga yaqqol misol - tahr.). Ya’ni, «...agar jurnalist hokimiyat vakiliga nisbatan shunday harakatni sodir etganida, holatdan kelib chiqib, kamida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi («Mayda bezorilik») va (yoki) 194-moddasi («Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik») bilan javobgarlikka tortilardi. Hatto Jinoyat kodeksining 219-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoiy ta’qib amalga oshirilar edi», deydi advokat.

Ichki ishlar organi xodimlarining jurnalistga nisbatan qilingan nojo‘ya xatti-harakatlar esa bor-yo‘g‘i intizomiy xarakterda bo‘lib, shunga ko‘ra jazo choralari (ogohlantirish yoki hayfsan) qo‘llaniladi, xolos.

Muallifga ko‘ra, ayni bir harakat uchun davlat tomonidan sanksiya qo‘llash amaliyotida nomuvofiqlik mavjud. Ya’ni, oddiy fuqaro singari jurnalistga nisbatan hokimiyat vakili tomonidan qilingan harakat — intizomiy, hokimiyat vakiliga nisbatan sodir etilganida esa nojo‘ya xatti-harakat ma’muriy yoki jinoiy deb baholanadi.

«Qani sanksiyalashdagi ijtimoiy adolat?!» — deya ajablanadi advokat.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring