Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ikki bolasi bilan ko‘chada qolishi mumkin bo‘lgan ayol haqidagi maqolaga Oliy sud munosabat bildirdi

Ikki bolasi bilan ko‘chada qolishi mumkin bo‘lgan ayol haqidagi maqolaga Oliy sud munosabat bildirdi

Foto: «Xabar.uz»

Shu yilning 20 noyabr kuni «Xabar.uz»da «Nikohi sudda (sirtdan) bekor qilingan ayol ikki nafar farzandi bilan ko‘chada qolishi mumkin» sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Unda fuqaro Dilfuza Xo‘jayevaning nikohi sud tartibida sirtdan bekor qilingani, shuningdek, uni uydan ko‘chirish bilan bog‘liq yana bir sud hujjatiga oid fikrlar bildirilgandi.

Maqola yuzasidan Oliy sud matbuot xizmati munosabat bildirar ekan, avvvaliga Davron Saitnazarov va Dilfuza Xo‘jayeva o‘rtasidagi nikoh bekor qilgan holatga to‘xtaladi: «...1999-yil 27-avgustda qayd etilgan nikoh fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 2017-yil 24-avgustdagi sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori bilan bekor qilingan. Bundan avval D.Saitnazarov 2016-yilda ham ayni da’vo bilan sudga murojaat qilgandi. Biroq uning birinchi da’vosi mazkur sudning 2016-yil 15-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan rad qilingan.

Da’vogarning nikohni bekor qilishni so‘rab sudga kiritgan ikkinchi da’vosi bo‘yicha dastlab sud tomonidan tomonlarga yarashib olish uchun bir oy muddat berilgan. Mazkur muddat davomida tomonlar yarashib olmagach, sud nikohni bekor qilish bo‘yicha uch bor sud majlisi tayinlagan va har gal javobgar (D.Xo‘jayeva) sudga kelmagani sabab tegishli tartibda boshqa muddatga qoldirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 280-moddasiga ko‘ra, sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga kelmasa va buning uzrli sabablari borligi haqida xabar bermasa va da’vogar bunga e’tiroz bildirmasa, da’vo sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilishi mumkin.

Shunga ko‘ra, mazkur fuqarolik ishi sirtdan ko‘rilib, tegishli sud qarori chiqarilgan. Mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan shu paytgacha shikoyat kelib tushmagan.

Endi maqolada tilgan olingan sud ishiga bog‘liq yana bir holat haqida.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2018-yil 20-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan Z.Ataxanovaning D.Xo‘jayevaga nisbatan uydan ko‘chirish haqidagi da’vosi qanoatlantirilib, D.Xo‘jayevaning Z.Ataxanova va boshqalarga nisbatan oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi qarshi da’vosi qanoatlantirishdan rad etilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2019-yil 26-apreldagi ajrimi bilan hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Hozirgi kunda mazkur ish bo‘yicha sud qarorlari qonuniy kuchda.

Ushbu ish bo‘yicha sud qarorlariga nisbatan D.Xo‘jayeva O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual 422-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga nazorat tartibida shikoyat keltirishga haqli.

Shu bilan birgalikda, sud qarorining D.Xo‘jayevani nizoli uydan ko‘chirish qismi hozirgi kunga qadar ijro etilmagan.

Hozirgi kunda D.Xo‘jayeva tumanlararo sudiga sud qarori ijrosini kechiktirish haqida ariza bilan murojaat qilgan bo‘lib, ushbu arizani sud majlisida ko‘rish 2019-yil 25-noyabr kuniga belgilangan.

Ariza ko‘rib chiqilgunga qadar sudning 2019-yil 7-noyabrdagi ajrimi bilan hal qiluv qarori ijrosi to‘xtatilgan.

D.Xo‘jayevani nizoli uydan ko‘chirish haqidagi ish bo‘yicha sud qarori qonuniy kuchda ekani, sud qarorlarining qonuniyligiga faqatgina yuqori instansiya sudi (nazorat instansiyasi) tomonidan baho berilishi mumkinligi sababli, D.Xo‘jayeva bu ish bo‘yicha sud qarorlari qonuniyligi tekshirilishi uchun Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat bilan murojaat qilishga haqli.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi ish yurituvida da’vogar Qalandarov Azizbek Anvarovichning javobgarlar Zinaida Ataxanova, Davronbek Saitnazarovlarga nisbatan oldi-sotdi shartnomasini bekor qilish haqidagi fuqarolik ishi mavjud bo‘lib, hozirda birinchi instansiya sudi tomonidan mazmunan ko‘rilmoqda».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring