Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilhom Aliyev Armaniston bilan murosa shartini aytdi

Ilhom Aliyev Armaniston bilan murosa shartini aytdi

Lochin shahrida qariyb 30 yillik tanaffusdan keyin Ozarbayjon bayrog‘i tikildi.

Foto: AZERTAC

Armaniston Ozarbayjon bilan delimitatsiya jarayonini yakunlashi va tinchlik bitimini imzolashi kerak. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘dagi qariyb 30 yillik ishg‘oldan keyin ozod etilgan Lochin shahrida bayroq ko‘tarish marosimida gapirgan.

«Biz muhokamalarga tayyormiz va delimitatsiya bo‘yicha Ozarbayjon–Armaniston komissiyasi ishiga mas’liyat bilan yondashamiz. Barcha xaritalarni yig‘dik.  Yana bir karra ta’kidlayman, qo‘limizda XIX, XX asrlar va undan avvalgi davrlarga oid xaritalar bor. Ushbu xaritalarda kim qaysi yerga egalik qilish ochiq ko‘rsatilgan. Demak, delimitatsiya jarayonini o‘tkazmay  turib, hech kim bizni ayblay olmaydi», – degan I.Aliyev.

Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrda boshlangan 44 kunlik urush yakunida Ozarbayjon ishg‘ol ostida bo‘lgan yerlarini qaytarib oldi. 2020 yil 10 noyabrda imzolangan uch tomonlama bitimga ko‘ra Armaniston o‘z qurolli kuchlarini mintaqadan olib chiqish majburiyatini oldi.

Joriy yil mart oyida esa Boku Yerevanga tinchlik bitimni imzolash bo‘yicha besh banddan iborat taklif bilan murojaat qildi.

Takliflar paketi o‘zaro suverenitet, hududiy yaxlitlik va xalqaro chegaralarni tan olish, bir-biriga nisbatan hududiy da’vo bilan chiqmaslik, BMT nizomlarida doirasida ish tutgan holda bir-biriga tahdid solmaslik, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, o‘zaro transport va kommunikatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish kabilarni o‘z ichiga oladi.

Ozarbayjon prezidenti Lochindagi chiqishida tinchlik bitimi bo‘yicha taklifni ko‘rib chiqish Armaniston tomonidan ortga surilayotganini qayd etgan. Shuningdek, uch tomonlama bitim doirasida Yerevan Ozarbayjonning asosiy qismi va Naxchivon muxtor respublikasi o‘rtasida koridor ochib bermayotganiga ham e’tibor qaratgan. Ayni choqda, Ozarbayjonga nisbatan provokatsiyalar davom ettirilayotgani ta’kidlangan.

Ozarbayjon rahbari BMT, YeXHT kabi tuzilmalar ishg‘ol ostidagi yerlarni qaytarishda sustkashlik qilgani, oqibatda mamlakat o‘z kuchi va salohiyati bilan xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra tegishli bo‘lgan hududlarini qaytarib olganini aytgan.

«Agar yerlarimizni ixtiyoriy ravishda tark etishganida Ikkinchi Qorabog‘ urushi bo‘lmasligi mumkin edi», – degan I.Aliyev.

Qayd etilishicha, ishg‘ol davrida Lochin shahrida ham vandalizm jinoyati sodir etilgan, tarixiy binolar vayron qilingan. Shuningdek, aholi noqonuniy ravishda ko‘chirib keltirilgan.

«Biz shahidlarimizning muborak qoni va askaru zobitlarimizning jasorati tufayli ushbu zaminda turibmiz», – deya harbiylarga hurmat bildirgan u.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Sharl Mishel vositachiligida muzokaralar o‘tkazib kelmoqda. Tinchlik bitimi imzolashga qaratilgan uchrashuvlarning so‘nggisi joriy yil 31 avgust kuni Belgiya poytaxti Bryusselda bo‘lib o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring