Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iroqda «qonli kuz». Oxiri qanday tugarkin?!

Iroqda «qonli kuz». Oxiri qanday tugarkin?!

Foto: «Getty Image»

O‘sha paytdagi bosh vazir Haydar al-Obodiy 2017-yil oxirlaridayoq «Korrupsiyaga qarshi kurash terrorizmga qarshi kurashdan xavfliroq bo‘ladi», deya ogohlantirgandi. Bugun, yuzdan ziyod insonning boshiga yetgan namoyishlar Obodiy qanchalar haq bo‘lganini isbotlamoqda, deb yozadi Yuriy Bojich «Fokus»da chiqqan maqolasida.

Hukumatning amaldagi rahbari — Iroq bosh vaziri Odil Abdul-Mahdiy, namoyishchilar haqli talabni qo‘yganiga iqror bo‘ldi, biroq «barmoqlarni bitta qisirlatgan bilan» muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmasligini ham qistirib o‘tdi. Ammo asosiysi bu emas: na namoyishchilar o‘rtasidagi qurbonlar, na Abdul-Mahdiy hukumatining korrupsiya, qashshoqlik va ishsizlikka qarshi kurashish bo‘yicha, kech bo‘lsa-da, qimirlab qolgani ko‘chalardagi namoyishlarni hanuz to‘xtata olgani yo‘q.

So‘nggi qon

Internetga kirib, «Iroq» so‘zini yozsangiz bas, so‘nggi kunlarda Yaqin Sharq mamlakatida yuz bergan mudhish voqealar butun tafsilotlari bilan yopirilib chiqadi. Bugungi «Iroq»ning sinonimi — xunrezlik.

Bu mamlakatga islohotlar, yangi hayot va’da qilgan Abdul-Mahdiy hukumati faoliyat boshlaganidan so‘ng bir yil o‘tib kuzatilayotgan manzara.

Yuzaga kelgan vaziyat Saddam Husayn hukumati azob-uqubatlar-la bilan yo‘qlikka ravona etilgan 2003-yildan beri mamlakat nimalarga erishdi degan savolni ko‘ndalang qo‘yadi.

AQSh prezidenti Kichik Jorj Bush Iroqqa salmoqli bahonai sabablar bilan bostirib kirgandi (Kolin Pauell BMT Xavfsizlik kengashi minbaridan turib dunyoga namoyish etgan sibir yazvasi batsillalari joylangan ampulalar, qolaversa, Iroq diktatorining Al-Qoida bilan aloqalari).

2001-yil 11-sentyabr voqealari fonida ushbu qaror Amerikaning aksariyat xalqiga ham adolatli tuyulgandi. Vashington hatto Buyuk Britaniya, Avstraliya, Polsha va Iroq Kurdistoni harbiy jamlanmalaridan iborat koalitsiya tuzishga ham muvaffaq bo‘lgandi.

Kam sonli sunniylarga asoslangan, shialar va kurdlarni quvg‘in-u qirg‘inga duchor qilgan Saddam Husayn tuzumi u tug‘ilgan shahar — Mo‘sul taslim bo‘lishi bilan ag‘darildi. Jorj Bush (kichik) 2003-yilning 1-may kuni «Abraham Lincoln» avianosetsida turib «Zolim quladi, Iroq — ozod!», deya jahonga jar solgandi. Shu bilan Iroqda yangi davr boshlandi: xaos, qabilalararo urushlar, keyin esa IShIDga qarshi kurash.

Urush uqubatlari

Iroq urushi bir qancha jarayonlarni tetapoya qilgan. Avvalo shialarning harbiylashgan guruhlari o‘sishini olaylik. IShID bilan kichik va katta kurashlar bosqichida ularning maqsadlari Iroq hukumatiniki bilan mushtarak edi. Biroq, baribir, ularning «oxuri»ni Tehron to‘ldirib kelgan (bu hali ular Iroqqa koalitsiya kuchlari kirishiga qarshi kurashayotgan paytlarda boshlangan) va ko‘pchiligi keyin ham Eronga sodiqligicha qoldi.

Urush korrupsiya gullab-yashnashiga yo‘l ochdi. Neft quvurlari qurol-yarog‘ savdo karvonlari oqimlari bilan tutashib ketgan, amal kursilari urug‘-aymoqlar o‘rtasida xomtalash qilinadigan mamlakat uchun bu shunchaki tabiiy hol. Oqibati shu bo‘ldiki, jamiyat tabaqalari o‘rtasida o‘tib bo‘lmas jarliklar yuzaga keldi.

IShIDga qarshi mardonavor kurashgan general Abdul-Vahhob al-Sa’diyni oddiy iroqliklar jondan ortiq ko‘rishardi. Ushbu jahannam balosi ustidan zafar quchganidan so‘ng (bu voqea haqida Iroq hukumati 2017-yili bayonot bergandi), general bor diqqatini armiyadagi korrupsiyani tugatishga qaratadi. IShIDdek baloi azmni yenggan general korrupsiya qarshisida ojiz qoldi — iste’foga chiqarib yuborishdi...

Saddam Husayn davrida xalqaro siyosat sub’yekti sanalmish Iroqdek mamlakat urushdan so‘ng shunchaki ulkan neft koni — ob’yektga aylanib qoldi. Bag‘dod bir paytning o‘zida ko‘plab manfaatlar to‘qnashgan nuqta edi. Mintaqada gegemonlikka da’vo qiluvchi abadiy raqiblar — shialar Eroni, sunniylar Saudiya Arabistoni, buyoqda AQSh, Xitoy, Rossiya.

2011-yilning noyabrida Amerikaning «Foreign Policy» jurnali to‘qmoqdek sarlavha bilan maqola chop etdi: «Exxon» Kurdistonga qancha ko‘p tikmoqda? Javob: JUDA KO‘P». Biroq Vashingtonning Iroqdagi manfaatlari oldida hatto «ExxonMobil»dek yirik neft kompaniyasi ham hech narsa bo‘lmay qolardi. Sakkiz yil oldin ham, hozir ham. Moskva va Pekin haqida gapirmasak ham bo‘ladi.

Urush shialar va sunniylar, Bag‘dod va Erbil (Iroq Kurdistoni poytaxti) o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirmagan taqdirda ham, unga shakl-shamoyil berdi. Xuddi to‘rtburchak g‘ildirakka o‘xshash — ko‘rinishi o‘ziga xos, ammo joyidan qo‘zg‘almaydigan. Saddam Husayn tuzumi ag‘darilganidan so‘ng qabul qilingan yangi konstitutsiya kurd muxtoriyatini kengaytirib yubordi — shunchalikki, Iroqning tuzilmasi federativ emas, balki ko‘proq konfederatsiyaga o‘xshab qoldi.

Kurdlar Asosiy qonun qabul qilinishidan bir necha oy oldin mustaqillikka bag‘ishlab o‘tkazgan norasmiy referendum (qatnashganlarning 98,8 foiz mustaqillikka ovoz bergan) keyinchalik qanchalik ta’sir kuchiga ega bo‘lgan, hozir bir narsa deyish qiyin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, yarim mustaqil Erbil Bag‘doddan «uzoqlashish»da davom etdi va 2017-yilning sentyabr oyida yana bir marta referendum o‘tkazdi. Natija yuqoridagiga o‘xshash: 92 foiz kurdlar hududning mustaqilligi uchun ovoz berishdi. Bunga javoban Iroq kuch ishlatar tizimlari kurdlar bilan bahsli, neftga boy hududlar ustidan nazoratni qayta qo‘lga olishdi, jahon hamjamiyati pozitsiyasi esa kurd muxtoriyati yetakchilarini plebissit (umumxalq ovozi, referendum) yakunlarini muzlatib qo‘yishga tayyor ekanliklarini tan olishga undadi.

Shu bilan muammoga yechim topildimi? Qaytanga Iroqdagi elitalararo siyosiy «oldi-sotdilar» yanada jonlanib ketdi. Bir qarashda Iroqdagi hukumat oqilona taqsimlangandek edi: Iroq bosh vaziri — shialardan, prezident — kurd, Milliy assambleya spikeri — sunniy. Biroq ana boshni aylantirgudek «ideal» boshqaruv sxemasi aynan bugungi inqirozning, norozi odamlarni isyonga chorlagan bosh sabablardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.

Londonning «Chatham House» tahlil markazi tadqiqotchisi Renad Mansur Bi-bi-sidagi maqolasida isyonchilar «hukumatdagi tayinlovlar xizmatlarga qarab emas, balki sektantlik yoki etnik kvotalar (bu tizim muxassa nomi bilan tanilgan) qarab amalga oshirilayotganidan norozi deb yozadi. Norozi iroqliklar muxassa tizimi shialar, kurdlar, sunniylar va hokazo oqimlarning yetakchilariga davlat boyliklarini suiiste’mol qilish, o‘zlari va yaqinlari boyib, mamlakatni to‘nashlariga imkoniyat yaratib berayotganidan va buyoqda azobini oddiy xalq tortayotganidan g‘azabda.

Xazina o‘g‘rilari vs yoshlar

Murosasoz Odil Abdul-Mahdiyning o‘tgan yil oktyabrida bosh vazir bo‘lishi avvaliga ko‘plab oddiy iroqliklarning qalbida umid uchqunlarini yoqqan edi. Iroqni o‘zgarishlar yo‘liga qo‘yish uchun unda barcha sifatlar yetarlidek tuyulgandi. Yaxshi ta’lim olgan: Bag‘dod universitetida iqtisodiyot bo‘yicha tahsil olgan, keyin o‘qishni Fransiyada davom ettirgan. Har xil tahlil markazlarida ishlab pishigan. Moliya vaziri (2004—2006) va Neft sanoati vaziri (2014—2016) bo‘lgan.

Odil Abdul-Mahdiy. Foto: «Bloomberg»

Uning hukumatini texnokratlar hukumati deyishardi. O‘tgan yili hukumat tepasiga kelishi bilan korrupsiya muammosini hal qilish, elita va oddiy xalq o‘rtasidagi tafovutni yo‘q qilishga va’dalar bergandi. Biroq, oradan bir yil o‘tib, oydinlashdiki, Abdul-Mahdiy mamlakatda yuzaga kelgan  status quo ni o‘zgartirishga qodir emas, aftidan, istamayapti ham. Korrupsiyaga qarshi kurashgandan ko‘ra, amalida qolish osonroq, Iroq elitasining yetakchilari kelishib yuraversa bas. Alal-oqibat uni hukumat tepasiga chiqarib qo‘yganlar ham ana shu yetakchilar.

Iroq uchun ijtimoiy inqiroz shundan iboratki, 2015-yil uchun «Jahon energetikasi statistik sharhi»da neft zaxiralari bo‘yicha Venesuela, Saudiya Arabistoni, Kanada va Erondan so‘ng beshinchi o‘rinda ko‘rsatilgan Iroq «qora oltin» sotishdan har oy 6 milliard dollardan ziyod daromad qila turib, yangi yo‘llar, maktablar, kasalxonalar qurishda bir qadam ham oldinga siljiy olgani yo‘q.

Iroqning oddiy aholisi hamma balo hukumatdagi korrupsiyada demoqda. Bu shunchaki g‘azab ustida aytilayotgan gaplar emas: nufuzli «Transparency International» tashkiloti ham Iroqni dunyodagi eng korrupsiyalashgan davlatlar ro‘yxatiga kiritgan.

Elita o‘ziga ishlamoqda. Uning oddiy xalq bilan ishi yo‘q. Mamlakatda elektr energiyasi ta’minoti bir tekisda emas, ayrim shaharlarida hatto ichimlik suvi yo‘q, masalan, eng yirik shaharlardan sanalgan Basradagi suv ichishga yaroqsiz. Har yozda muammo yaqqol yuz ko‘rsatardi, haytovur bu yilgi seryomg‘ir yoz qaysidir ma’noda odamlarning «chanqog‘ini» bosdi, elektr energiyasi ishlab chiqarish esa urushdan keyingi maksimumga ko‘tarildi.

Shunga qaramasdan, kuzga kelib Abdul-Mahdiy hukumatini shoshirib qo‘ygan namoyishlar boshlanib ketdi. Chunki korrupsiyadan so‘ng ikkinchi o‘rinda turuvchi muammo — ishsizlik mavsum tanlamaydi-da. Hukumat ham, Abdul-Mahdiy ham, ungacha bo‘lganlar ham — hali hech biri bu muammoni aqalli yechishga ham kirishmagan.

Xalqaro mehnat tashkiloti statistikasiga ko‘ra, bugungi kunda Iroqda ishsizlik darajasi 8 foizni tashkil etadi. Yoshlar o‘rtasida bu ko‘rsatkich — 17 foiz (ayrim manbalar aslida yoshlarning har to‘rtinchisi ishsizligidan so‘zlaydi). Iroq aholisi 40 million kishi, har yili aholi soni bir milliondan ziyodroqqa ko‘paymoqda, aholisining 70 foizidan ko‘prog‘i yoshlar. Iroqdagi namoyishlarda qatnashganlar ham asosan yoshlar — bekorchilik, ishsizlik ularni namoyishga haydagan.

Bag‘dodlik ushbu «yo‘qolgan avlod» vakillari «The Washington Post» jurnalistlariga «kelajaksiz o‘sishgani» haqida gapirib berishgan. Ularning bolaligini AQSh Iroqqa boshlagan urush «o‘g‘irlagan» bo‘lsa, katta bo‘lganlarida «orqasida tog‘lari borlarninggina tolei kuladigan mehnat bozori» ularni yanchib tashlagan.

Eronning «qo‘li»

Namoyishchilarning qoni to‘kilishida eng ko‘p gumon Tehronga yuzlangan Iroqdagi harbiy guruhlarga tushmoqda. «Eronparast ko‘ngillilar Bag‘dod sektorini egallab olishgan, uning xavfsizligi uchun mas’uliyat ham ularning bo‘ynida», — deydi «The Independent»ning kimligini oshkor qilmagan manbasi. Manbaga ko‘ra, jangovar patronlardan foydalanganlar ham, namoyishchilarning bosh va yuraklarini mo‘ljalga olganlar ham ana shular. Ana shu guruhlardan biri — 2014-yili IShIDning Bag‘dodga yurishini to‘xtatish uchun tuzilgan 85 ming kishilik qudratli «Xashd ash-Shaabi» («Xalq safarbarligi kuchlari»). «Al Jazeera» yozishicha, shu guruh yetakchisi Faleh al-Fayyod qo‘l ostidagilari «davlat to‘ntarishi yoki isyon»ga yo‘l qo‘ymaslik uchun hukumatning buyruqlarini bajarishga shayligini bildirgan va «tuzumning qulashini emas, korrupsiyaning qulashini» istashini bildirgan. Hatto ayrim harbiy guruhlar Iroq hukumatidan ko‘ra Eron rahbariyatiga moyilligini ochiqchasiga bayon etadi. Ana shu guruhlardan biri Iroqdagi namoyishlar pozitsiyasida turib translyasiya uyushtirgan o‘nga yaqin televizion kompaniyalarda tintuv o‘tkazgan.

Xullas, eronparast harbiylarning qo‘li bilan namoyishlarni bostirgan hukumat endi aybni ularga ag‘darib, suvdan quruq chiqishdan umidvor. Ammo, guvohlarga ko‘ra, namoyishchilarga qarata iroqlik askarlar ham o‘q uzishgan...

Qolaversa, repressiv xususiyatga ega boshqa choralar — ko‘chalardagi zirhli texnika, ikki kunlik komendantlik soati, internetning 75 foizlik (garchi qisqa muddatli bo‘lsa ham) o‘chirilishi baribir hukumat qattiq choralar ko‘rish payida bo‘lganini anglatadi. Ayniqsa, dastlabki kunlarda.

Namoyishchilarni tarqatishda kuch ishlatish haddan oshib ketgani haqida tepadagi kabinetlardan buyruq yetib kelgunicha o‘lganlar soni yuz nafardan oshib bo‘lgandi. Nimalar qilib qo‘yganini bir paytning o‘zida 13 kishi o‘ldirilgan kuni Iroq armiyasi kattalari ham anglab yetishdi. G‘alati jihati, xuddi shu kuni (13 nafar namoyishchi o‘ldirilgan kuni) Abdul-Mahdiy telefon orqali suhbatda AQSh bosh kotibi Maykl Pompeoni mamlakatda barqarorlik tiklanganiga ishontirib, qo‘shimchasiga hukumat fuqarolarning talablarini qondirish uchun qator islohotlar va choralarga qo‘l urishini bildirgan...

So‘nggi murosa

Abdul-Mahdiy hukumati mamlakatda ijtimoiy tanglikni yumshatish uchun shoshilinch tayyorlagan 17 bandlik loyiha ish bermay qolishi ham mumkin. Albatta, taklif etilayotgan narsalar tahsinga sazovor, ko‘plari iroqlik yoshlarning talablariga mos. Masalan, korrupsiya ishlari ustidan ish olib boruvchi sud organiga ko‘p vakolatlar beriladi. Eng yoqimsiz amaldorlar ishdan bo‘shatiladi. Kam ta’minlangan oilalar uchun 100 mingta uy quriladi. Yoshlarning, xususan, oliy ta’lim bitiruvchilarining bandligini ta’minlovchi dastur ishlab chiqiladi. Ishsizlar va kam ta’minlanganlar uchun nafaqalar. Qashshoqlik va ishsizlikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy dastur... Hammasi ajoyib.

Ammo shaxsan Abdul-Mahdiyga qolganda, ahvol havas qilgulik emas. Yoshlar namoyishiga qarshi bunchalik kuch ishlatish... Hatto 2016-yili namoyishchilar Bag‘doddagi «Yashil zona»ga bostirib kirib, parlament va bosh vazirning kabinetigacha ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaganida ham hukumat hozirgidek kuchiga erk bermagandi.

Voqealar rivoji buyog‘iga «Otning o‘limi — itning bayrami» qabilida kechadi, shekilli. Hozirdanoq ko‘zga ko‘ringan siyosiy figuralar Abdul-Mahdiyni qurbon qilish evaziga o‘zlariga siyosiy kapital to‘plashga kirishib ketgan. Parlament spikeri Mahmud al-Halbousi, jumladan, milliondan ortiq kam ta’minlangan oilalarni moliyaviy quvvatlashni ko‘zda tutuvchi o‘z chora-tadbirlar rejasini ochiqlashga ulgurdi. Parlamentdagi eng yirik «Sairun» bloki yetakchisi, shia qabilalari imomi Muqtada as-Sadr esa, Abdul-Mahdiyni taqdir hukmiga havola etgan holda, boshqa fraksiyalar bilan birga muddatidan avval saylovlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. As-Sadr shuniyam ilova qildiki, muddatidan avval saylovlar bevosita AQShning nazorati ostida o‘tkazilmog‘i kerak!

Ko‘rinib turibdiki, Iroq krizisida qonli bosqich kechib o‘tilib, «hamma — hammaga qarshi kurashadigan» yangi sahifa ochilyapti. Neft-dollarlarga to‘yingan «Iroq pirogi»dan eng katta bo‘lakni olish uchun tala-tala avjiga chiqadi. O‘z hukmfarmolaridan bezib qolgan xalq bunga nima derkin? Bag‘dodda shanba kungi namoyishda qatnashgan ishsiz muhandis, 43 yoshli Abbos Najm «The Guardian» jurnalistlariga shunday degandi: «16 yil korrupsiya va adolatsizlikda yashadik. Biz o‘qqa uchib yoki qiynoqlarda o‘lishdan qo‘rqmaymiz. Yo‘limizda davom etamiz, chekinish yo‘q!».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring